«Jodugar oʻrmoni» multfilmi Rotten Tomatoesʼda tanqidchilardan 100 foiz maʼqullov oldi
Tomoshabinlar bergan baho 98 foizni tashkil etdi, Metacriticʼda esa multfilm 100 balldan 86 ball oldi.

Multfilm London kinofestivalida 11 oktabr kuni ilk bor namoyish etildi. AQShda uning keng prokati 23 oktabrda boshlanadi.
The Hollywood Reporter filmni durdona va Laikaning eng ambitsiyali asari deb atadi. Variety uning vizual jihatlarini hamda bir necha avlod tomoshabinlari uchun qiziqarli ekanini yuqori baholadi. IndieWire esa filmga B− bahosini berib, unda studiyaning eng yaxshi filmlariga xos sehr yetishmasligini qayd etdi.
Rejissyor Trevis Nayt Kolin Meloyning Wildwood kitoblar turkumini ekranlashtirdi. Yettinchi sinfda oʻqiydigan qiz Pru MakKil sinfdoshi Kertis bilan birga qargʻalar taqiqlangan oʻrmonga olib ketgan ukasini izlaydi.
Kadrma-kadr animatsiya uchun Laika 200 dan ortiq qoʻgʻirchoq va qahramonlarning qariyb 142 mingta almashtiriladigan yuzini tayyorladi. «Jodugar oʻrmoni» 3D-printerda chop etilgan yuzlar soni boʻyicha Ginnesning jahon rekordini oʻrnatishi mumkin. Hozir bu rekord «Yoʻqolgan boʻgʻin» multfilmiga tegishli: 2019 yilda u uchun 106 mingta yuz tayyorlangan.



