Seriallar

Nikolas Keyj va Kris Payn A24’ning «Amerika eposi» serialida bosh rollarni ijro etadi

Aktyorlar Las-Vegasda toʻqnash keladigan kazino egasi va ruhoniy rollarini ijro etadi.

18-noyabr, 11:53По-русски

Read in English

deadline.com

Nikolas Keyj va Kris Payn A24 studiyasi ishlab chiqayotgan yangi «Amerika eposi» (American Epic) serialining bosh rollarini ijro etadi. Kasting haqida Deadline xabar berdi.

Keyj Las-Vegasdagi kazino egasi Uayatt Paskal rolini oʻynaydi. U Payn ijrosidagi ruhoniy Bill Meyssi bilan qarama-qarshilikka kirishadi. Loyiha tavsifiga koʻra, har ikki qahramon Yer yuzidagi eng qisqa umr koʻruvchi maskanlardan biri hisoblangan shaharda abadiy biror narsa yaratishga intiladi.

Serial yaratuvchisi — «Ofis» komediya shousi ustida ishlagani bilan tanilgan B.J. Novak. Loyihaga HBO va Amazon striming platformalari allaqachon qiziqish bildirgan. Premyera sanasi va serial namoyish etiladigan platforma boʻyicha yakuniy qaror hozircha eʼlon qilinmagan.

Keyj uchun bu «Haqiqiy detektiv» serialining beshinchi mavsumiga qoʻshilganidan keyingi navbatdagi televizion loyihadir. Aktyor, shuningdek, «Oʻrgimchak — Nuar» serialida ham paydo boʻladi.

Payn esa 2019-yilda «Mening ismim — Tun» mini-seriali chiqqanidan beri televizion loyihalarda suratga tushmagan. 2027-yilda aktyorni sportga oid romantik komediya «Hiyla»da koʻrish mumkin boʻladi; unda uning hamkori Emma Stoun boʻladi.