Kino

Netflix «Pingvinlar marshi» jamoasi yaratgan yaguarlar haqidagi hujjatli filmni chiqaradi

«Yaguarlar marshi» filmi 2-dekabrda namoyish etiladi va Braziliyaning Pantanal mintaqasida yashovchi yirtqichlar oilasi hayotini koʻrsatadi.

25-noyabr, 14:34По-русски

Read in English

deadline.com

Netflix «Yaguarlar marshi» (March of the Jaguars) hujjatli filmining premyera sanasini eʼlon qildi. Film striming xizmatining Lotin Amerikasida yaratilgan yovvoyi tabiat haqidagi ilk loyihasi boʻladi. Global namoyish 2-dekabrga belgilangan.

Film Braziliyaning Pantanal mintaqasidagi Enkontru-das-Aguas davlat bogʻida yashovchi yaguarlar oilasi haqida hikoya qiladi. Suratga olish ishlari besh yil davom etdi va 26 ta ekspeditsiyani qamrab oldi. Loyiha ijodkorlari hayvonlarning avval kameraga tushirilmagan xatti-harakatlarini tasvirga oldi.

Filmni Braziliyaning Duo2 TV va Fransiyaning Bonne Pioche kompaniyalari ishlab chiqardi. Ijodkorlar orasida Aleksandr Sulye va 2006-yilda «Pingvinlar marshi» hujjatli filmi uchun «Oskar» mukofotini olgan Emmanuyel Priu ham bor. Rejissyorlikni Lourens Vahba amalga oshirdi, u ssenariy yozishda ham qatnashgan.

Filmda hikoyani «Men hali ham shu yerdaman» filmidagi bosh roli uchun «Oskar»ga nomzod boʻlgan Fernanda Torres oʻqib berdi.

Vahbaning soʻzlariga koʻra, ijodkorlar yaguarlarni nafaqat noodatiy tomondan koʻrsatishga, balki ularni himoya qilish zarurligiga ham eʼtibor qaratishga intilgan. Braziliya bu turni asrash uchun alohida ahamiyatga ega: dunyodagi yovvoyi yaguarlar populyatsiyasining qariyb yarmi mamlakat hududida yashaydi.

Rejissyor, shuningdek, loyiha ustida ishlashda Braziliya jamoasining ishtiroki muhimligini taʼkidladi, chunki yaguar mamlakat tub xalqlarining madaniyati va anʼanalarida alohida oʻrin tutadi.