«Signal» seriali premyera oldidan ikkinchi mavsumining ilk tizeriga ega boʻldi
Mashhur koreys dramasining davomi 7-dekabr kuni chiqadi va sakkiz qismdan iborat boʻladi.

Janubiy koreyalik «Signal» seriali ijodkorlari «Signal 2» deb nomlangan ikkinchi mavsumning ilk tizerini taqdim etdi. Davomining premyerasi 2026-yil 7-dekabr kuni — original drama chiqqanidan oʻn yil oʻtib boʻlib oʻtadi.
Video bilan birga qorongʻi fonda eski ratsiya tasvirlangan poster ham eʼlon qilindi. Unda «Radio signali yana yangradi» degan yozuv bor.
40 soniyalik tizer tez almashadigan kadrlar hamda oʻtmish, bugun va yangi tergovlarga ishoralardan iborat. Qahramonlar replikalari orasida «Bu haqiqatan ham sizmisiz, katta?» va «Biz ratsiyadan foydalanishimiz kerak» degan jumlalar bor. Radio signalining qayta yangrashi haqidagi yakuniy jumla navbatdagi ish boshlanishiga ishora qiladi.
2016-yilda chiqqan «Signal»ning birinchi mavsumi turli davrlarga mansub boʻlgan, ratsiya orqali muloqot qilib, ochilmagan jinoyatlarni birgalikda fosh etgan detektivlar haqida hikoya qilgan.
Davomning chiqishi avval bosh rollardan birini ijro etgan Cho Jin Un atrofidagi mojaro sabab shubha ostida qolgandi. U keyinchalik aktyorlik kasbini tark etishini eʼlon qildi. Yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, ikkinchi mavsum premyerasi tasdiqlandi.
Davom jami sakkiz qismdan iborat boʻladi. Dastlabki ikki qism 7-dekabr kuni Koreya vaqti bilan soat 22:00 da namoyish etiladi, uchinchi qism esa ertasi kuni — 8-dekabrda chiqadi.
Yana oʻqing

Ella Purnell ishtirokidagi «Dorogusha» trillerining ikkinchi mavsumi chiqdi

Cha Seung Von va Kim Do Hun yangi «Isteʼfodagi xodimlarni boshqarish boʻlimi» doramasida sobiq agentlar rolini ijro etadi

