Tidal sunʼiy intellekt tomonidan toʻliq yaratilgan 29 milliondan ortiq trekni oʻchiradi
9 dekabrdan servis katalogni ommaviy avtomatik yuklamalardan tozalash uchun sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan musiqalarni bloklashni boshlaydi.

Musiqiy striming servisi Tidal sunʼiy intellekt tomonidan toʻliq yaratilgan kompozitsiyalarni tarqatishni taqiqlashini maʼlum qildi. Bunday yozuvlarni oʻchirish 9 dekabrdan boshlanadi, yil oxirigacha esa platforma katalogdan 29 mln dan ortiq trekni olib tashlamoqchi.
Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi 90 kun ichida platformaga yuklangan kompozitsiyalarning 43 foizdan ortigʻi sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan. Kelgusida Tidal har kuni shunday 80 mingdan 85 mingtagacha yuklamani rad etishni rejalashtirmoqda. Cheklovlar distribyutorlarga ham taalluqli boʻladi: ularga neyron tarmoqlar tomonidan toʻliq yaratilgan musiqalarni yuborish taqiqlanadi.
Shu bilan birga, servis sunʼiy intellekt ijod jarayonida yordamchi vosita sifatida ishlatilgan asarlarni qabul qilishda davom etadi. Taqiq faqat neyron tarmoqlar tomonidan toʻliq yaratilgan kompozitsiyalarga nisbatan qoʻllanadi.
Tidal bu qarorni haqiqiy ijrochilar ijodini auditoriya eʼtiboridan mahrum boʻlishdan himoya qilish zarurati bilan izohladi. Kompaniya bahosiga koʻra, 27 mln trek, yaʼni butun katalogning 6,3 foizi, toʻliq sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan. Bunday yozuvlarning 96 foizi esa birorta ham tinglovga ega boʻlmagan.
Avvalroq, iyun oyida, Tidal sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan musiqalarni tinglaganlik uchun haq toʻlashni toʻxtatgan edi, biroq bu chora yetarli boʻlib chiqmadi.
Boshqa platformalar yumshoqroq yondashuvni tanladi. Deezer sunʼiy intellekt yaratgan kompozitsiyalarni tavsiyalardan chiqarib tashlash uchun filtr ishlab chiqmoqda, Spotify va YouTube Music esa bunday kontentni toʻliq taqiqlamasdan, uni belgilashni maʼqul koʻrmoqda. Tidal sunʼiy intellekt tomonidan yaratilgan musiqalarni tarqatishdan butunlay voz kechishga qaror qilgan ilk yirik striming platformalaridan biriga aylandi.
Yana oʻqing

U2 yangi Carnaval de Luz albomi bilan Billboardʼning uchta chartida yetakchilik qildi

Imron «Sevganingni bilmay qolsan» nomli yangi qoʻshigʻini taqdim etdi

