Bred Pitt ishtirokidagi «Bir paytlar… Gollivudda» filmining davomi IMAX kinoteatrlarida namoyish etiladi
Deyvid Fincherning Kliff But haqidagi filmi AQShdagi 250 ta kinoteatrda namoyish etiladi, onlayn premyerasi esa 23 dekabr kuni boʻlib oʻtadi.

Shukronalik kuni arafasida AQShda bir nechta mustaqil filmning namoyish doirasi kengaydi, yangi kartinalar esa chorshanba kuni ekranlarga chiqdi.
Asosiy voqea «Bir paytlar… Gollivudda» filmining davomi — «Kliff Butning yangi koʻngilsiz sarguzashtlari»ning cheklangan kinoteatr namoyishi boʻldi. Rejissyor Deyvid Fincher ishlagan, bosh rolni Bred Pitt ijro etgan loyiha AQShdagi 250 ta va butun dunyo boʻylab 500 dan ortiq kinoteatrda faqat IMAX formatida namoyish etiladi. Ssenariyni Kventin Tarantino yozgan, u film prodyuseri sifatida ham qatnashgan. Film katta ekranlarda ikki hafta namoyish etiladi, 23 dekabrdan esa Netflixʼda tomosha qilish mumkin boʻladi.
Boshqa yangi filmlar qatorida Ryusuke Hamaguchining Virjini Efira va Tao Okamoto ishtirokidagi «Toʻsatdan» filmi, shokolad imperiyasi asoschisi Milton Hershey haqidagi «Hershey», shuningdek, Nikolas Vadimovning «Yana kim tirik?» hujjatli filmi bor.
Keng prokatga Jeyms Greyning «Qogʻoz yoʻlbarsi», A24 studiyasining «Bolalar oʻyinlari» va Endryu Skott ishtirokidagi «Elsinor» filmlari ham chiqdi. Pedro Almodovarning «Achchiq Rojdestvo» filmi namoyish etilayotgan kinoteatrlar sonini oshirdi.
Yaqin oradagi relizlar qatorida Juliya Lui-Dreyfus, Brayan Krenston va Set Rogen ovoz bergan «Chigal» animatsion filmi, Ava DyUverneyning «14-tuzatish» hujjatli asari hamda «Toʻlqinlar» animatsion kartinasi bor.



