Suyak saratoniga qarshi kurashgan komik Eldos Almazov vafot etdi
Yumorchi 19 noyabr kuni operatsiya vaqtida vafot etdi. U soʻnggi oylar davomida osteosarkomadan davolanib, kimyoterapiya kurslarini olgan edi.

19 noyabr kuni komik Eldos Almazovning vafot etgani maʼlum boʻldi. U bir necha oy davomida suyak toʻqimasining xavfli oʻsmasi — osteosarkomaga qarshi kurashgan. Bu haqda uning qarindoshlari xabar berdi. Artistning amakivachchasi soʻzlariga koʻra, u operatsiya vaqtida vafot etgan. Komikning doʻsti, strimer Anar Abdullayev ham uning vafotini tasdiqlab, dafn marosimi xarajatlarini oʻz zimmasiga olishini aytdi. Eldos bilan vidolashuv marosimi Oshda boʻlib oʻtadi.
Almazov tashxisi haqida 2026 yil aprel oyida soʻzlab bergan edi. Dastlab uning oyogʻi ogʻrib, bunga lat yeyish yoki asabning siqilib qolishi sabab boʻlgan deb oʻylagan. Ahvoli yomonlashib, yurishi qiyinlashgach, shifokorlarga murojaat qilgan. Tekshiruvlar vaqtida unda oʻsma aniqlangan.
Davolash jarayoni kimyoterapiya, biopsiya va jarrohlik amaliyotlarini oʻz ichiga olgan. Tibbiy yordam qimmatga tushgani sababli komik obunachilaridan moliyaviy koʻmak soʻragan, unga muxlislari va hamkasblari yordam bergan.
Iyun oyida navbatdagi kimyoterapiya kursidan soʻng artistning qon koʻrsatkichlari yomonlashgan, immuniteti zaiflashgan va pnevmoniya rivojlangan. U, shuningdek, kuchli ogʻriqlar, ogʻizdagi yaralar va ovqatlanish bilan bogʻliq muammolardan aziyat chekkan.
Sentabr oyida Almazov oyogʻida murakkab operatsiyani boshdan kechirgan va shundan soʻng qaytadan yurishni oʻrgangan, keyin davolanishni davom ettirgan. Oktabr oyida u navbatdagi kimyoterapiya kursini olayotgani va kuchini tiklashga urinayotganini maʼlum qilgan. Uning Telegram-kanalidagi soʻnggi posti 20 oktabr kuni eʼlon qilingan.
Yana oʻqing

Duran Duran guruhining sobiq gitaristi Endi Teylor vafot etdi

Bred Pitt va Anjelina Joli Fransiyadagi Château Miraval vino xoʻjaligi yuzasidan nizoni yakunladi

