Bella Hadid sogʻligʻidagi jiddiy muammolar va podiumga qaytishi haqida gapirdi
Supermodel nafas qisishi xuruji sabab Victoriaʼs Secret shousini oʻtkazib yuborishiga sal qolganini va bir nechta kasallik bilan kurashishda davom etayotganini aytdi.

Bella Hadid sogʻligʻidagi muammolar uning modellik faoliyati va kundalik hayotiga hamon taʼsir qilayotganini aytdi. Model intervyuda bu yil Victoriaʼs Secret podiumiga chiqishidan oldin shouda qatnashish imkoniyatidan deyarli mahrum boʻlganini tan oldi.
Shou boshlanishiga bir necha daqiqa qolganida u nafas olishi qiyinlashganini, oʻpkalari goʻyo siqilib qolgandek boʻlganini va oʻmrov suyagi uvishganini sezdi. Oʻzini yomon his qilayotganiga qaramay, Hadid podiumga chiqishga majbur boʻldi. Shoudan olingan video eʼlon qilinganidan keyin ayrim foydalanuvchilar sahna ortida nimalar yuz berganini bilmagan holda uning yurish uslubini tanqid qildi.
Model uzoq vaqtdan beri bosh aylanishi, doimiy charchoq va jismoniy ogʻriq bilan yuzlashib kelayotganini aytdi. Unga tashxis qoʻyilgan kasalliklar qatorida postural ortostatik taxikardiya sindromi, hayz oldi disforik buzilishi, endometrioz va Laym kasalligi bor.
Hadidning soʻzlariga koʻra, xurujlar uning tashqi koʻrinishiga ham taʼsir qiladi: baʼzan yuzi qattiq shishadi, baʼzan esa u juda ozgʻin koʻrinadi. Shu sababli atrofidagilar baʼzan model giyohvand moddalar isteʼmol qiladi, deb xato oʻylashadi. Qiyinchiliklarni yengish uchun Bella Belinda ismli alter-egosini oʻylab topgan. U Bellaga muammolardan xayolan uzoqlashish va oldinga harakat qilishda yordam beradi.
Hadidga Laym kasalligi tashxisi 2012 yildayoq qoʻyilgan. Shu sababli u bolaligidan shugʻullangan ot sportidagi professional faoliyat haqidagi orzusidan voz kechishga majbur boʻldi. Hozir ham otlar bilan muloqot qilish modelga ruhiy qiyinchiliklarni yengishda yordam beradi.
Shu bilan birga, modellik biznesiga qaytish endi uning hayotdagi asosiy maqsadi emas. Hadid katta oila qurishni orzu qilayotganini va sogʻligʻi bilan bogʻliq ehtimoliy qiyinchiliklarga qaramay, koʻp farzandli ona boʻlishni xohlashini aytdi. Hozir u oilaviy qurilish biznesi bilan bogʻliq Neytan Leysi bilan uchrashib yuribdi.
Yana oʻqing

Duran Duran guruhining sobiq gitaristi Endi Teylor vafot etdi

Bred Pitt va Anjelina Joli Fransiyadagi Château Miraval vino xoʻjaligi yuzasidan nizoni yakunladi

