Kino

Apple TVda Kris Pratt ishtirokidagi «Jangchi yoʻli» oilaviy filmi namoyish etildi

Yangi film maxsus kuchlarda xizmat qilgan togʻasining yordami bilan qiyinchiliklarni yengish va uni mazax qiladigan tengdoshlariga qarshi turishni oʻrganadigan maktab oʻquvchisi haqida hikoya qiladi.

24-noyabr, 15:39По-русски

Read in English

hollywoodreporter.com

Apple TV striming servisida yozuvchi Joko Villinkning shu nomdagi turkumining ilk kitobi asosida ishlangan «Jangchi yoʻli» (Way of the Warrior Kid) filmining premyerasi boʻlib oʻtdi. Bosh rollarni Kris Pratt, Jud Hill va Linda Kardellini ijro etgan. Rejissyorlikni «Charli farishtalari» va «Terminator: Najotkor kelsin» filmlari bilan tanilgan MakGji bajargan.

Syujet markazida sinfdoshlarining doimiy mazaxlariga duch keladigan 11 yoshli Mark turadi. Onasi Sara vaziyatni oʻzgartira olmaydi, chunki bola undan aralashmaslikni soʻraydi. Bolalarni qutqarish boʻyicha muvaffaqiyatsiz operatsiya vaqtida olgan jarohatidan tiklanayotgan, «Dengiz kuchlari SEAL» boʻlinmasining sobiq harbiy xizmatchisi — Markning togʻasi Jeyk kelgach, hammasi oʻzgaradi.

Jeyk jiyanining nimalarni boshdan kechirayotganini koʻrib, u uchun «Operatsiya: Jangchi» deb nomlangan mashgʻulot dasturini ishlab chiqadi. U Markni intizom va jismoniy mashqlarga oʻrgatadi, shuningdek, oʻziga boʻlgan ishonchni topishiga yordam beradi. Bora-bora qarindoshlar oʻrtasida yaqin munosabatlar shakllanadi, Jeykning oʻzi esa boshidan kechirganlarining ruhiy oqibatlarini yengishga urinadi.

Ssenariyni Uill Steypls yozgan. Pratt, Hill va Kardellinidan tashqari, filmda Ava Torres, Levi MakKonaxi, Darien Sills-Evans, Karl Makdauell va Parker Yang ham suratga tushgan.

Filmning davomiyligi 1 soat 46 daqiqani tashkil etadi. Film oilaviy drama, komedik epizodlar va qoʻrquvlarni yengish hamda ichki kuchga ega boʻlishga bagʻishlangan ulgʻayish hikoyasini uygʻunlashtiradi.