Aktyor Barri Sloan Call of Duty filmida kapitan Prays rolini ijro etmoqchi
Modern Warfare turkumida Jon Prays rolini ijro etgan aktyor oʻyinning boʻlajak ekranlashtirilishida bosh rol uchun eng munosib nomzod ekanini hisoblaydi.

Barri Sloan Dan Allen Gaming nashriga bergan intervyusida kapitan Prays obrazini oʻyin ekranidan toʻliq metrajli filmga koʻchirishni istashini aytdi. Aktyor bu qahramon ustida qariyb oʻn yil ishlaganini, oʻyin olamini yaxshi bilishini va muxlislarning turkumga munosabatini tushunishini taʼkidladi. Uning fikricha, bunday tajriba uni bu rol uchun eng munosib nomzodga aylantiradi. Shu bilan birga, Sloan yakuniy qarorni studiya qabul qilishini tan oldi.
Ekranlashtirishga Piter Berg rejissyorlik qiladi, ssenariyni esa Teylor Sheridan yozadi. Film Modern Warfare olami bilan bogʻliq boʻladi, biroq syujet tafsilotlari va aktyorlar tarkibi hozircha oshkor etilmagan. Call of Duty filmining premyerasi 2028-yilga rejalashtirilgan.



