Kevin Faygi «Qasoskorlar: Maxfiy urushlar» «Qasoskorlar: Qiyomat kuni»dan nimasi bilan farq qilishini aytdi
Marvel Studios rahbarining soʻzlariga koʻra, 2027-yilgi film tomoshabinlarga noodatiy voqea va mutlaqo yangi dunyoni taqdim etadi.

Marvel Studios rahbari Kevin Faygi premyerasi 2027-yil 17-dekabrga rejalashtirilgan «Qasoskorlar: Maxfiy urushlar» filmi konsepsiyasi haqida gapirdi. U Empire nashriga bergan intervyusida film yaqin orada namoyish etiladigan «Qasoskorlar: Qiyomat kuni»ga nisbatan janr jihatidan butunlay boshqa loyiha boʻlishini taʼkidladi.
Hamrejissyor Jo Russo bu fikrni qoʻllab-quvvatlab, film oʻziga xos dunyo va noodatiy voqeani taqdim etishini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, ijodkorlar tavakkal qilish, tomoshabinlarni hayratda qoldirish va kinoda avval boʻlmagan narsalarni sinab koʻrishni maqsad qilgan.
Faygi, shuningdek, «Maxfiy urushlar» Marvel kinematik olamining toʻliq qayta ishga tushirilishiga aylanmasligini aniqlashtirdi. Buning oʻrniga film ayrim unsurlari tomoshabinlarga tanish boʻlib qoladigan, boshqa koʻplab jihatlari esa mutlaqo yangi boʻladigan soddaroq va yaxlit yagona olam uchun asos yaratishi kerak.
Film syujeti qisman Marvelʼning shu nomdagi komikslari asosida yaratiladi. 2015-yilgi versiyada Doktor Dum koʻp olam vayron boʻlganidan keyin omon qolgan olamlarni Battleworldʼga birlashtiradi va u yerda oʻz hukmronligini oʻrnatadi. Jo va Entoni Russo yana loyiha rejissyorlari sifatida ishlaydi.



