Hanna Dodd Nik Jonas bilan romantik komediyada suratga tushadi
«Bridgertonlar» yulduzi suratga olish ishlari allaqachon boshlangan Netflixʼning yangi «Qancha koʻp boʻlsa, shuncha quvnoq» filmiga qoʻshildi.

«Bridgertonlar» seriali orqali tanilgan Hanna Dodd Nik Jonas bilan birga Netflixʼning «Qancha koʻp boʻlsa, shuncha quvnoq» (The More the Merrier) romantik komediyasida rol ijro etadi. Filmni suratga olish ishlari allaqachon Nyu-Jersi shtatida boshlangan.
Syujet markazida hayot tarzi kutilmaganda olingan merosdan keyin oʻzgarib ketadigan, boʻydoqligiga qatʼiy ishongan erkak turadi: u amakivachchasining kichik qiziga gʻamxoʻrlik qilishni oʻz zimmasiga olishiga toʻgʻri keladi. Erkak yangi roliga koʻnika boshlaganida, qizaloq ustidan vasiylikni qoʻlga kiritmoqchi boʻlgan choʻqintirgan onasi paydo boʻladi. Kutilmagan qarama-qarshilik asta-sekin sevgi qissasiga aylanadi.
Film rejissyori «Oddiy qiz» filmi bilan tanilgan Ari Sandel. Ssenariyni «Tiffanidan nimadir» va «Moksi» filmlari ustida ishlagan Tamara Chestna yozgan. Prodyuserlar qatorida Stiv Barnett, Mark Ross, Spenser Berman va Nik Jonasning oʻzi bor.
Dodd «Bridgertonlar» aktyorlar tarkibiga uchinchi mavsumda qoʻshilib, Franseska Bridgerton rolini ijro etdi. U toʻrtinchi qismda ham ushbu rolga qaytdi, beshinchi mavsumda esa Masali Baduza bilan birga bosh qahramonlardan biriga aylanadi. Davomining premyerasi 2027-yilda kutilmoqda.
Aktrisaning boshqa ishlari qatorida «Enola Holms 2», «Abadiylar» va «Oilam bilan kurash» filmlari ham bor.



