Jonni Depp gotik uslubdagi «Rojdestvo qoʻshigʻi» ekranizatsiyasida Skruj rolini ijro etdi
Tay Uest Charlz Dikkens qissasining gotik qoʻrqinch elementlari qoʻshilgan oʻz talqinini taqdim etdi.

Jonni Depp Charlz Dikkensning «Rojdestvo qoʻshigʻi nasrda» qissasi asosida suratga olingan yangi «Skruj» filmida bosh rolni ijro etdi. Kartina rejissyori «Iks», «Perl» va «Maksin XXX» qoʻrqinchli filmlari bilan tanilgan Tay Uest boʻldi.
Voqealar Viktoriya davridagi Angliyada kechadi. Tadbirkor Ebenezer Skruj Rojdestvo arafasini biznes hamkori Jeykob Marli va klerk Bob Kratchit bilan birga oʻtkazadi. Marli vafot etganidan soʻng, Skruj uning dafn marosimiga kelgan yagona odam boʻlib qoladi. Oradan yetti yil oʻtgach, sobiq hamkorining arvohi qaytib kelib, qahramonni Rojdestvoning uch ruhi tashrifi haqida ogohlantiradi. Ular Skrujga uning oʻtmishi, buguni va ehtimoliy kelajagini koʻrsatib, oʻz hayotiga qayta nazar tashlashga majbur qiladi.
Deppdan tashqari, filmda Ian Makkellen, Rupert Grint, Andrea Raysboro, Tramell Tillman, Robert Strenj, Sem Klaflin va Deyzi Ridli ham suratga tushgan.
Asarning avvalgi koʻplab ekranizatsiyalaridan farqli ravishda, Tay Uest gotik estetika va qoʻrqinch elementlariga urgʻu berishga qaror qildi. Kartinaning vizual uslubi Hammer studiyasining klassik britan qoʻrqinchli filmlari hamda XIX asr adabiyotiga ishora qiladi.
Jonni Depp uchun Skruj roli uzoq tanaffusdan soʻng yirik studiya kinosiga qaytish boʻldi. Aktyorning oʻzi qahramonini bardosh bera olganidan koʻra koʻproq his-tuygʻularni boshdan kechirgan inson sifatida tasvirladi.
Shu bilan birga, yangi talqin axloqiy qayta tugʻilish haqidagi hikoya bilan cheklanmaydi. Rejissyor bosh qahramonning yolgʻizligi, oʻlimdan qoʻrquvi va axloqiy tanazzuliga urgʻu berib, hammaga tanish Rojdestvo hikoyasini qorongʻi ertakka aylantiradi.



