Glen Pauell «Qirolning qaytishi» komediyasida tanazzulga yuz tutgan kantri yulduzi rolini ijro etdi
Jadd Apatou filmida Miranda Lambert, Jelli Roll, Bred Peysli va boshqa taniqli kantri ijrochilari ham qatnashadi.

Rejissyor Jadd Apatou suratga olgan «Qirolning qaytishi» (The Comeback King) musiqiy komediyasining ilk treyleri chiqdi. Bosh rolni Glen Pauell ijro etgan: u xiyonat bilan bogʻliq shov-shuvli mojaro ortidan karyerasi barbod boʻlayotgan mashhur kantri musiqachisi Obri King obrazini gavdalantirgan.
Film syujetiga koʻra, qahramon sevgilisi — pop yulduzi Missini boshqa erkak bilan birga koʻrib qolgach, kasbiy va shaxsiy inqirozni boshdan kechiradi. Vaziyat Missi Obriyning oʻzini xiyonatda ayblaydigan qoʻshiqni chiqargach, yanada chigallashadi. Mashhurligi va muxlislar qoʻllovidan ayrilgan musiqachi taʼlimini tugatish uchun kollejga qaytishga qaror qiladi. U yerda Sem ismli ayol oʻqituvchi bilan tanishadi va asta-sekin yangi hayot boshlaydi.
Filmda kantri sahnasining haqiqiy yulduzlari — Miranda Lambert, Bred Peysli, Jelli Roll, Reba MakIntayr, Shabuzi, Leyni Uilson va Lyuk Brayan ham koʻrinish beradi. Aktyorlar tarkibining boshqa aʼzolari orasida Kristin Milioti, Medlin Klayn va Kumeyl Nanjiani ham bor.
Pauell filmni kantri musiqasiga boʻlgan muhabbat izhori deb atadi. Kartina uchun sakkizta original qoʻshiqni uning singlisi, muallif va ijrochi Lesli Pauell yozgan.
«Qirolning qaytishi» filmining premyerasi 2027-yil 5-fevralda boʻlib oʻtadi.



