«Ochlik oʻyinlari: Hosil tongi» oldindan namoyishlarda $21,25 mln daromad keltirdi
Franshizaning yangi filmi seriya tarixidagi oldindan namoyishlardan tushgan daromad boʻyicha ikkinchi eng yaxshi natijani qayd etdi. U faqat «Ochlik oʻyinlari: Olov alangalanadi» filmidan ortda qoldi.

«Ochlik oʻyinlari: Hosil tongi» AQSh prokatida muvaffaqiyatli start oldi. Filmning oldindan namoyishlari $21,25 mln daromad keltirdi va bu natija fransizaning barcha filmlari orasida ikkinchi boʻldi. Yetakchi hanuz «Ochlik oʻyinlari: Olov alangalanadi» (2013) filmi boʻlib, u oldindan namoyishlarda $25,2 mln yigʻgan.
2026-yilda chiqarilgan filmlar orasida yangi film natijasidan faqat «Oʻrgimchak odam: Butunlay yangi kun» ustun keldi — u oldindan namoyishlarda $72 mln daromad qilgan. Shu bilan birga, prikvel «Odisseya» ($17,6 mln), «Yovuz: Gʻarb jodugarining ertagi» ($19,2 mln), «Maykl» ($12,6 mln) va «Iblis Prada kiyadi 2» ($10 mln) filmlaridan oʻzib ketdi.
Taqqoslash uchun, seriyaning avvalgi filmi — «Ilonlar va sayroqi qushlar balladasi» — oldindan namoyishlarda atigi $5,75 mln daromad qilgan. «Hosil tongi»ning natijasi tahlilchilarga AQShdagi dastlabki daromadlar $100 mln dan oshishini kutish imkonini bermoqda.
Filmning yana bir ustunligi tomoshabinlarning yuqori bahosi boʻldi: Rotten Tomatoes saytida uning reytingi 95 foizga yetdi. Bu fransizaning barcha qismlari orasidagi eng yaxshi koʻrsatkichdir. Tanqidchilar bahosi ancha pastroq — 68 foiz, «Olov alangalanadi» esa avvalroq 90 foiz olgan.
Xalqaro prokat boʻyicha prognozlar ham ijobiy: xorijdagi kutilayotgan daromad $70 mln dan $86 mln gacha oshdi.
«Ochlik oʻyinlari: Hosil tongi» filmini Frensis Lourens suratga oldi. Film voqealari original hikoyadan 24 yil avval boʻlib oʻtadi va 50-Ochlik oʻyinlariga bagʻishlangan.



