Kino

Janubiy koreyalik «Yangi askar: Arvohlar kezadigan harbiy gospital» filmi ilk tizerini namoyish etdi

Mashhur serial qahramonlari harbiy gospitalda qoʻrqinchli hodisalarga duch keladi. Film premyerasi 30 dekabrda boʻlib oʻtadi.

19-noyabr, 15:35По-русски

Read in English

soompi.com

Janubiy koreyalik «Yangi askar: Arvohlar kezadigan harbiy gospital» (New Recruit: Haunted Military Hospital) filmi ijodkorlari ilk tizerini taqdim etdi. Film harbiy xizmatchilarning kundalik hayoti haqida hikoya qiluvchi mashhur «Yangi askar» franshizasining davomi boʻladi.

Syujetga koʻra, bir guruh yangi askarlar xizmatdan biroz dam olish umidida harbiy gospitalga keladi. Biroq koʻp oʻtmay, askarlar binoda sodir boʻlayotgan gʻalati voqealardan xabar topib, uning qorongʻu sirlarini tergov qila boshlaydi.

Tizerda kapral Pak Min Sok tungi paytlarda morg yonida paydo boʻladigan bemor Yu Je Hunning shubhali xatti-harakatlarini payqab qoladi. Boshqa harbiy xizmatchilar ham gʻalati tutina boshlaydi: Kang Chan Sok hech qanday sababsiz juda koʻp ovqat yeydi, Kim Dong U esa boʻshliqqa tikilgancha bir xil soʻzlarni takrorlayveradi.

Gospitalda goʻyoki qasoskor ruhlar paydo boʻlayotgani haqidagi ogohlantirishdan soʻng vaziyat yanada xavotirli tus oladi. Yangi askar Son Yun Mo boshchiligida guruh tungi hodisalardan himoyalanishga urinib, hatto sirli marosim ham oʻtkazadi.

Filmda Kim Min Ho, Nam Te U, Kim Yo Han, Li Jong Hyon, Chon Syn Hun, Kim Hyon Gyu va Ryu Gyong Su rollarni ijro etgan. «Yangi askar: Arvohlar kezadigan harbiy gospital» filmining kinoteatrlardagi premyerasi 30 dekabrga rejalashtirilgan.