Jon Malkovich West End teatr sahnasiga qaytadi
Aktyor Rozalind Elizar bilan birga 2027-yil may oyida Londonda premyerasi boʻladigan History spektaklida rol ijro etadi.

Jon Malkovich Rebekka Ridning yangi History spektaklidagi rolni oldi. Ushbu asar Ridning West Enddagi debyut ishi boʻladi. Spektakl Wyndhamʼs Theatre teatrida 2027-yil 17-maydan 7-avgustgacha namoyish etiladi. Voqealar markazida Ren ismli ayol turadi. Farzandli boʻlgach, uning avvalgi ijodiy hayoti oʻzgarib ketadi. Bir kuni u kutilmaganda oʻtmishi murakkab munosabatlar bilan bogʻlab turgan sobiq sevgilisi Jeymsni tushlikka taklif qiladi. Bu uchrashuv qahramonni oʻzi allaqachon ortda qolgan deb hisoblagan munosabatlarini qayta koʻrib chiqishga majbur etadi. Spektakl rejissyori Metyu Danster boʻladi.
Malkovich pyesani murakkab va nihoyatda insoniy hikoya deb atab, Rozalind Elizar bilan boʻlajak hamkorligidan xursand ekanini bildirdi. Aktyor soʻnggi marta 2019-yilda Londondagi sahnada Devid Mametning Bitter Wheat spektaklida chiqqan. U kinoda “Being John Malkovich”, “Dangerous Liaisons” va “On the Line of Fire” filmlaridagi rollari bilan tanilgan. Soʻnggi paytlarda aktyor rejissyor Martin MakDonaning Wild Horse Nine filmidagi roli bilan ham eʼtibor qozondi. Elizar esa “Slow Horses” va “The Missing” seriallarida suratga tushgan, shuningdek, Misty Green filmida bosh rolni ijro etgan.



