Chon Do-yeon ishtirokidagi «Mumkin boʻlgan sevgi» — Janubiy Koreyaning «Oskar»ga arizasi
Li Chhan-don filmi oktyabrdagi prokatdan soʻng Netflixʼda namoyish etildi va Janubiy Koreyaning 2027-yilgi «Oskar» uchun rasmiy arizasi sifatida tanlandi.

«Mumkin boʻlgan sevgi» rejissyor Li Chhan-donning sakkiz yillik tanaffusdan keyin yirik kinoga qaytishini anglatadi. Chon Do-yeon uchun bu «Yashirin nur» filmidan qariyb 20 yil oʻtib, rejissyor bilan yana birgalikdagi ish boʻldi. Film ilk bor sentyabrda Venetsiya kinofestivalida namoyish etildi, oktyabrdagi prokatdan soʻng esa Netflixʼda paydo boʻldi.
Chon Do-yeon niqob ishlab chiqaradigan fabrikada ishlaydigan Miok rolini ijro etadi. U eri Ho-sok va kichik oʻgʻli bilan yashaydi. Ho-sok rolini Sol Kyon-gu ijro etgan. Ommaviy ishdan boʻshatish va shafqatsiz bostirilgan ish tashlashdan soʻng sobiq ishchi jarohat oqibatlarini boshdan kechirishda davom etadi. Er-xotinning hayoti hujjatli film suratga oluvchi Yeoji va uning badavlat eri Sanu bilan uchrashgach oʻzgaradi. Yeoji rolini Cho Yo-jong, Sanu rolini esa Cho In-son ijro etgan.
Yeoji ishdan boʻshatilgan ishchilarning hayotini suratga oladi, Miok esa oilasini himoya qilish umidida loyihada qatnashishga rozi boʻladi. Bora-bora ikki ayol oʻrtasidagi munosabatlar murakkablashadi: film ijtimoiy tengsizlik, yashirin istaklar hamda hamdardlik va kuzatuv oʻrtasidagi chegaralarni tadqiq etadi.
Tanqidchilar Chon Do-yeonning vazmin, ammo tarang ijrosini qayd etishdi. Premyeradan soʻng uning ehtimoliy mukofoti haqida gap-soʻzlar paydo boʻldi. Aktrisaning oʻzi filmning «Oskar»da qatnashishiga qiziqish bildirilayotganidan xursandligini, biroq bu holat uni yoki ish uslubini oʻzgartiradi deb hisoblamasligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, Li Chhan-don aktyorlardan qahramonlarini oldindan batafsil tahlil qilishni talab qilmaydi va suratga olish maydonchasidagi jonli hamkorlik jarayonida kutilmagan jihatlarni topishni afzal koʻradi.



