Yulduzlar

Miranda Lambert va Kacey Musgraves koʻp yillik adovat haqidagi mish-mishlardan soʻng birga chiqish qildi

Kantri xonandalari CMA Awards marosimida «Otlar va ajrimlar» qoʻshigʻini birgalikda ijro etib, uzoq davom etgan mojaro yakunlangani haqida gapirdi.

19-noyabr, 13:00По-русски

Read in English

rollingstone.com

Miranda Lambert va Kacey Musgraves CMA Awardsʼning 60-marosimida birga chiqish qildi. Xonandalar Musgravesning «Hech qayerning oʻrtasida» albomiga kiritilgan va «Gremmi» mukofotiga nomzod boʻlgan «Otlar va ajrimlar» qoʻshigʻini taqdim etdi.

Xonandalar chiqish uchun tejano unsurlari qoʻshilgan aranjirovkani va Dolli Parton, Reba MakIntayr hamda Loretta Lin kabi afsonaviy kantri ijrochilarining suratlari bilan bezatilgan goʻzallik saloni dekoratsiyasini tanladi.

Birgalikdagi chiqish xonandalar oʻrtasidagi yoqtirmaslik haqidagi koʻp yillik mish-mishlarga oʻziga xos yakun yasadi. Mojaro haqidagi gap-soʻzlar 2013-yildagi CMA Awards marosimidan keyin boshlangan. Oʻshanda Musgraves Lambertning «Onaning singan yuragi» qoʻshigʻi uchun berilgan nominatsiyada gʻalaba qozonganidan hafsalasi pir boʻlganini bildirgan.

Lambert Rolling Stone nashriga bergan intervyusida hozir har ikki ijrochi kelishmovchilik nimadan kelib chiqqanini deyarli eslamasligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, inson yoshi ulgʻaygani sari musiqa sanoatida barcha sanʼatkorlar uchun joy yetarli ekanini tushunib boradi. Xonanda avvalgi kelishmovchiliklar hatto ajoyib qoʻshma kompozitsiya yaratishga yordam berganini ham taʼkidladi.

Har ikki ijrochi CMA Awardsʼda bir necha nominatsiyani qoʻlga kiritdi. Lambert Ella Lenglining «Momaqaymoq» qoʻshigʻi ustidagi ishda qatnashgani uchun, Musgraves esa «Hech qayerning oʻrtasida» albomi va «Quruq mavsum» kompozitsiyasi uchun eʼtirof etildi. Bundan tashqari, har ikki xonanda boʻlib oʻtishi kutilayotgan «Gremmi» marosimiga ham bir necha nominatsiya oldi.