Gosha Kutsenko Ilon Maskga «1962» nomli sunʼiy intellekt filmi ustida hamkorlik qilishni taklif qildi
Rossiyalik aktyor Gosha Kutsenko «1962» nomli sunʼiy intellekt filmi ustidagi ishlar haqida soʻzlab, Ilon Maskga hamkorlik qilishni taklif qildi. Film premyerasi 2027-yil 18-martga rejalashtirilgan.

Aktyorning soʻzlariga koʻra, jamoa loyiha videomateriallari va birgalikda ishlash taklifini allaqachon amerikalik milliarderning ofisiga yuborgan. Film syujeti Karib inqiroziga bagʻishlangan: ikki urush faxriysi — biri rossiyalik, ikkinchisi amerikalik — yadroviy halokatning oldini olishga urinadi.
Kutsenko bu kartina dunyoda shu turdagi ilk toʻliq metrajli filmlardan biriga aylanishi mumkin, deb hisoblaydi. U, shuningdek, jamoa Xitoy analogini oʻrganganini, biroq yangi neyron tarmoq texnologiyalaridan foydalanish evaziga undan oʻzib ketishga umid qilayotganini aytdi.
Filmning barcha qahramonlari sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan. Bosh qahramon rolini ishlab chiqish jarayonida jamoa kutilmagan muammoga duch keldi: virtual aktyor Tom Hollandga haddan tashqari oʻxshab qoldi. Oʻrgimchak odam rolini ijro etgan aktyorga oʻxshashligi sababli, allaqachon tayyorlangan materialning katta qismini qayta ishlashga toʻgʻri keldi.



