Seriallar

«Yaxshi qiz» seriali prodyuserlari ikkinchi mavsum chiqishi ehtimoli haqida gapirdi

Karin Sloter romani asosida ishlangan ekranlashtirish ijodkorlari dastlab mini-serialni chiqarishni rejalashtirgan, biroq qahramonlar hikoyasiga qaytish ehtimolini ham istisno qilmayapti.

18-noyabr, 14:57По-русски

Read in English

usmagazine.com

«Yaxshi qiz» (The Good Daughter) serialining birinchi mavsumi tomoshabinlarni taranglikda qoldirdi, biroq hozircha loyiha davom ettiriladimi yoki yoʻqmi, nomaʼlum. Ijrochi prodyuserlar Bruna Papandrea va Stef Grin Karin Sloter romanining ekranlashtirilishi kelajagi haqida gapirdi.

Voqealar Kuinnlar oilasiga qilingan shafqatsiz hujumdan 20 yil oʻtib kechadi. Opa-singillar Sharlotta (Megann Feyi) va Samanta (Rouz Birn) boshdan kechirgan fojia oqibatlari bilan kurashishda davom etmoqda. Ularning tugʻilib-oʻsgan shahrida yangi hujum sodir boʻlgach, Sharlotta dastlabki guvohlardan biriga aylanadi. Tergov asta-sekin oilaning eski sirlarini ochib boradi.

Papandrea dastlab serial yakunlangan hikoyaga ega cheklangan loyiha sifatida oʻylanganini taʼkidladi. Shu bilan birga, u davom ettirish imkoniyatini istisno etmadi va avvaliga bir martalik hikoya sifatida qabul qilingan, biroq keyinchalik davom ettirilgan «Katta kichik yolgʻonlar» serialini misol qilib keltirdi.

Qahramonlarga qaytish uchun qoʻshimcha material Karin Sloterning faqat Sharlottaga bagʻishlangan prikveli boʻlishi mumkin. Megann Feyi bu kitobning audioversiyasini allaqachon yozib olgan.

Sloter romanini televideniye uchun oʻzi moslashtirdi va barcha qismlar ssenariysini yozdi. Ish jarayonida muallif tuzilishga oid oʻzgarishlar kiritdi: masalan, Rouz Birn ijro etgan qahramon adabiy manbadagidan ancha oldin ekranda paydo boʻladi. Papandreaning soʻzlariga koʻra, bunday oʻzgarishlarga qaramay, serial kitobga sodiq qolgan.

«Yaxshi qiz»ning birinchi mavsumi allaqachon Peacock platformasida mavjud. Ikkinchi mavsumni chiqarish haqida hozircha rasmiy qaror yoʻq.