Metyu Lillard «Whiplash» rejissyori suratga olayotgan «Arvohlardan boshqa hamma narsa» qoʻrqinchli filmiga qoʻshildi
«Qichqiriq» franshizasi yulduzi Kerri Barkerning 2027-yil mayida chiqadigan yangi filmida rol ijro etadi.

Metyu Lillard rejissyor Kerri Barker ishlayotgan «Arvohlardan boshqa hamma narsa» (Anything but Ghosts) qoʻrqinchli filmida rol ijro etadigan boʻldi. Deadline xabariga koʻra, aktyor loyihaga qoʻshimcha suratga olishlar bosqichida qoʻshilgan. Uning qahramoni tafsilotlari hozircha oshkor qilinmagan. Filmning asosiy suratga olish ishlari shu yil avvalroq yakunlangan.
Barker film ssenariysining muallifi, rejissyor va bosh rollardan birini ijro etuvchi aktyor sifatida ishtirok etadi. U bilan birga filmda Kuper Tomlinson, Brayz Dallas Xovard va Aaron Pol ham suratga tushadi. Barker va Tomlinson paranormal hodisalarni tadqiq qiluvchi soxta mutaxassislar rolini ijro etadi. Ular kutilmaganda haqiqiy arvohlarga duch kelishadi. Tomlinson film konsepsiyasini «Key va Piel» komediya dueti bilan «Reinkarnatsiya» qoʻrqinchli filmining uygʻunligi sifatida taʼriflagan.
Lillard «Qichqiriq»ning ilk filmidagi Stu Maxer roli orqali mashhurlikka erishgan, shu yil esa «Qichqiriq 7»da ushbu qahramon obraziga qaytgan. Uning qoʻrqinchli filmlar janridagi boshqa ishlari qatorida «Freddi bilan besh tun», uning davomi va «Kerri»ning yangi ekranlashtirilishi bor. Bundan tashqari, aktyor «Skubi-Du» filmlaridagi Shaggi roli hamda koʻplab animatsion loyihalarda ushbu qahramonga ovoz bergani bilan tanilgan.
«Arvohlardan boshqa hamma narsa» 2027-yil 7-mayda kinoteatrlarda namoyish etiladi. Kelasi yili Lillard Jeyms Gunnning «Ertangi kun odami» filmida ham koʻrinish beradi. Bu «Supermen» filmining davomi boʻlib, aktyor unda hozircha oshkor etilmagan rolni ijro etadi.



