Seriallar

«Daredevil»dan Debora Enn Uoll «God of War» serialida Fey rolini ijro etadi

«God of War: Ragnarok»da ushbu qahramonga ovoz bergan aktrisa Amazon ekranlashtiruvida ham shu rolni ijro etadi.

24-noyabr, 15:32По-русски

Read in English

hollywoodreporter.com

Prime Videoʻning «God of War» seriali aktyorlar tarkibiga yana bir ishtirokchi qoʻshildi. Debora Enn Uoll Kratosning rafiqasi va Atreyning onasi Fey rolini ijro etadi. Aktrisa avval «God of War: Ragnarok» oʻyinida ham ushbu qahramonga ovoz bergan.

Feyning vafoti voqealar rivojining boshlangʻich nuqtasiga aylanadi. Sayohat davomida Kratos va Atrey bu ayolning oʻtmishiga oid sirlarni ochib, uni qanchalik yaxshi bilganliklariga shubha qila boshlaydilar.

Bosh rollarni Deyv Batista, Kallum Vinson, Mendi Patinkin va Ed Skreyn ijro etadi. Serialda Tereza Palmer, Maks Parker, Olafur Darri Olafsson va boshqa aktyorlar ham suratga tushadi.

Loyihaning shouraneri «Begona» va «Battlestar Galactica» seriallari bilan tanilgan Ronald D. Mur. Dastlabki ikki qismni «Syogun» va «Fallout» ustida ishlagan Frederik I. O. Toye suratga oladi.

Serialni Sony Pictures Television va Amazon MGM Studios PlayStation Productions bilan hamkorlikda ishlab chiqarmoqda. Suratga olish ishlari shu yilning avvalida boshlangan, biroq iyul oyida maydondagi jarohatlanishdan keyin toʻxtatilgan. Dastlab Kratos rolini Rayan Xerst ijro etishi kerak edi, ammo avgust oyida uning oʻrnini Batista egalladi. Vankuverda ishlab chiqarishni kuzda qayta boshlash rejalashtirilgan edi.

Serial premyerasi 2027-yilda kutilmoqda. Uoll oʻsha yili chiqishi rejalashtirilgan «God of War: Laufey» oʻyinida ham Fey roliga qaytadi.