Jeyms Gunn tez orada yangi Betmen roli uchun kastingni boshlaydi
Yangi Bryus Ueyn Devid Korensvet ijro etadigan Supermen bilan taxminan teng yoshda boʻladi.

DC Studios rahbari Jeyms Gunn The Suicide Squad: Is It Canon? podkastida studiya hozircha Betmen roliga aktyor tanlamaganini, biroq yaqin orada kastingni boshlashini maʼlum qildi.
Gunn ijrochini tanlashda aktyorning mashhurligiga emas, personajga mos kelishiga eʼtibor qaratmoqchi. U hatto avval DC loyihalarida kichik rollarda koʻringan nomzodlarni ham istisno qilmadi.
Yangi Betmen Bryus Ueyn va uning Robin boʻlishi kerak boʻlgan oʻgʻli Demian haqidagi «Jasur va mard» (The Brave and the Bold) filmida debyut qiladi. Kartinaga rejissyor etib Andres Muskietti tayinlangan.
Gunnning soʻzlariga koʻra, Betmen va Supermen taxminan tengdosh boʻladi. Shu sababli studiya, ehtimol, hozir Devid Korensvet kabi taxminan 33 yoshdagi aktyorni izlaydi.
Robert Pattinson ijro etgan Betmen versiyasi mustaqil yoʻnalish sifatida qoladi. Mett Rivz filmining davomi 2028-yilda chiqishi kutilmoqda.



