Travis Scott, Charli XCX va Post Malone 2027 yilda Paʼl Norte festivalida chiqish qiladi
Tashkilotchilar 26–28 mart kunlari Meksikaning Monterrey shahrida boʻlib oʻtadigan festivalning 120 nafardan ortiq ishtirokchisini eʼlon qildi.

Travis Scott, Charli XCX, Post Malone, Empire of the Sun, The Neighbourhood va Martin Garrix 2027 yilgi Tecate Paʼl Norte festivalining asosiy ishtirokchilari boʻladi. Tashkilotchilar 24 noyabr kuni ishtirokchilarning toʻliq tarkibini taqdim etdi. Bu tadbir Lotin Amerikasidagi eng yirik musiqa festivallaridan birining 15-marotaba oʻtkazilishi boʻladi.
Dasturdan, shuningdek, RAYE, Fontaines D.C., Caifanes, Avenged Sevenfold, Milo J, Julión Álvarez, Arcade Fire, RIIZE, deadmau5, Young Miko, Sofi Tukker, Julieta Venegas va The War on Drugs oʻrin oldi. Boshqa ishtirokchilar qatorida Hombres G, Fonseca, Boys Noize, Spoon, Ed Maverick va Aterciopelados ham bor. Jami sakkizta sahnada 120 nafardan ortiq sanʼatkor chiqish qiladi.
Festival 2027 yil 26–28 mart kunlari Meksikaning Monterrey shahridagi Fundidora bogʻida boʻlib oʻtadi. Dastur rok va indie janrlaridan tortib, mintaqaviy meksika musiqasi, reggeton va elektron musiqa sahnasigacha boʻlgan turli yoʻnalishdagi ijodkorlarni birlashtiradi.
Chiptalar sotuvi 1 dekabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da Ticketmaster orqali boshlanadi.
Tecate Paʼl Norte promouterlik kompaniyasi Ocesa ishtirokida oʻtkaziladi va har yili kuniga qariyb 100 ming tomoshabinni toʻplaydi. Avvalgi yillarda festivalda Billie Eilish, Olivia Rodrigo, Justin Timberlake, Green Day, Foo Fighters va 50 Cent chiqish qilgan. 2026 yilda asosiy ishtirokchilar qatorida Guns N’ Roses, The Killers, Tyler, the Creator va Deftones boʻlgan.
Yana oʻqing

U2 yangi Carnaval de Luz albomi bilan Billboardʼning uchta chartida yetakchilik qildi

Imron «Sevganingni bilmay qolsan» nomli yangi qoʻshigʻini taqdim etdi

