Kino

Robert Eggers qoʻrqinchli filmlardan chekinib, «Romeo va Julyetta»ga qoʻl urmoqchi

«Nosferatu» rejissyori qoʻrqinchli filmlardan charchaganini va oʻzini boshqa janrlarda sinab koʻrmoqchi ekanini tan oldi.

23-noyabr, 14:19По-русски

Read in English

deadline.com

«Jodugar», «Mayoq» va «Nosferatu» filmlari bilan tanilgan Robert Eggers qoʻrqinchli filmlar ustidagi ishlarini vaqtincha toʻxtatishni rejalashtirmoqda. Rejissyor va ssenariynavis bu haqda yaqinda tomoshabinlar bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda gapirib, doim oʻzining «Robert Eggersning qoʻrqinchli filmlar uyi» doirasida filmlar yaratishni istamasligini aytdi.

Rejissyorning soʻzlariga koʻra, «Verwolf» filmi ustidagi ishlarni yakunlagach, yana bir qoʻrqinchli film ssenariysini yoza boshlagan. Biroq voqea shu qadar qorongʻi tus olganki, Eggers boshqa janrga oʻtishga qaror qilgan. U hazil tariqasida navbatdagi qoʻrqinchli film oʻrniga oʻz joniga qasd qiladigan ikki oʻsmir haqidagi hikoya bilan shugʻullanishini aytdi — u Uilyam Shekspirning «Romeo va Julyetta» tragediyasini nazarda tutgan.

Avvalroq rejissyor Focus Features kompaniyasi bilan mashhur pyesani ekranlashtirish imkoniyatini muhokama qilayotgani maʼlum boʻlgan edi. Eggersning oʻzi bunday loyihani odatdagi mavzusidan tanaffus qilish imkoniyati deb atadi, biroq kelajakda yana qoʻrqinchli filmlarga qaytishini ham istisno qilmadi.

Uning navbatdagi «Verwolf» filmi 25-dekabr kuni kinoteatrlarda namoyish etiladi. Film voqealari XIV asr Angliyasida kechadi: Aaron Teylor-Jonson ijro etgan erkak shaharni dahshatga solayotgan qonxoʻr mahluqdan oilasini himoya qilishga urinadi. Filmda, shuningdek, Lili-Rouz Depp, Uillem Defo va Reyf Ayneson rollar ijro etgan.