BAFTA kino, televideniye va oʻyinlar industriyasining 14 nafar istiqbolli vakilini eʼlon qildi
BAFTA Breakthrough US 2026 dasturi ishtirokchilari roʻyxatidan «Qizgʻin raqobat» filmi yulduzi Connor Story va «Sahna ortida» loyihasi rejissyori Kane Parsons joy oldi.

BAFTAning Amerika boʻlimi kino, televideniye va oʻyinlar industriyasining istiqbolli mutaxassislarini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan BAFTA Breakthrough US 2026 dasturining 14 nafar ishtirokchisini eʼlon qildi. Tanlangan vakillar orasida aktyor Connor Story, «Mukkasidan ketish» filmidagi rollardan birini ijro etgan Ind Navarrett va «Sahna ortida» loyihasi bilan tanilgan rejissyor Kane Parsons bor.
Dastur yettinchi bor oʻtkazilmoqda va professional rivojlanishining muhim bosqichida turgan ijodkor mutaxassislarga moʻljallangan. Ishtirokchilar mentorlar bilan ishlash, soha tadbirlari va kinonamoyishlarda qatnashish, xalqaro aloqalar oʻrnatish hamda ovoz berish huquqiga ega BAFTAning toʻlaqonli aʼzolariga aylanish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.
Bu yilgi roʻyxatdan, shuningdek, «Byorbz» seriali yaratuvchisi Celeste Hugi, «1923» seriali kostyumlar rassomi Gabi Acosta, «Ayiq-qoidabuzar» hujjatli filmi rejissyori Gabriela Osio Vanden va «Ekspeditsiya 33: Yorugʻ sohil» oʻyini ssenariy muallifi Jennifer Svedberg-Yen ham joy oldi.
Ishtirokchilarni soha mutaxassislaridan tuzilgan hayʼat tanladi. Dastur rejissura, aktyorlik mahorati, montaj, operatorlik ishi, musiqa yaratish, oʻyinlar dizayni va kostyumlar ishlab chiqish kabi turli yoʻnalishlarni qamrab oladi.
BAFTA North America ijrochi direktori Courtney LaBarge Bellning aytishicha, tashabbus yangi isteʼdodlarga professional koʻmak, mentorlik va keyingi rivojlanish imkoniyatlarini qoʻlga kiritishga yordam beradi.
Yana oʻqing

Duran Duran guruhining sobiq gitaristi Endi Teylor vafot etdi

Bred Pitt va Anjelina Joli Fransiyadagi Château Miraval vino xoʻjaligi yuzasidan nizoni yakunladi

