Yulduzlar

Jeyms Gunn DC Studios rahbari lavozimidan ketganidan keyin yengillik his qilayotganini tan oldi

Rejissyor ijodiy ishni studiyani boshqarish bilan birga olib borishdagi qiyinchiliklar haqida gapirib, kinodagi toʻlaqonli faoliyatiga qaytishni istayotganini aytdi.

11-noyabr, 16:52По-русски

Read in English

kinonews.ru

Jeyms Gunn DC Studiosʼdagi rahbarlik lavozimidan ketganidan soʻng xayrlashuv murojaatini eʼlon qildi. Rejissyor toʻrt yillik faoliyati davomida jiddiy yuklamaga duch kelganini, korporativ vazifalar esa ijodga eʼtibor qaratishi va yaqinlari bilan vaqt oʻtkazishiga xalaqit berganini tan oldi.

Gunnning soʻzlariga koʻra, unga oʻzi qiziqayotgan loyihalar bilan maʼmuriy vazifalar oʻrtasida vaqt va eʼtiborini taqsimlash oson boʻlmagan. Shunga qaramay, rejissyor DC ustidagi ishni muhim tajriba deb atadi hamda studiya jamoasi, aktyorlar, suratga olish guruhlari va muxlislarga minnatdorlik bildirdi. U hamkori Piter Safranga alohida minnatdorlik izhor etdi.

Gunn rahbarlik lavozimidan ketishi DC bilan hamkorlik toʻxtashini anglatmasligini ham taʼkidladi. Yozda «Ertangi kun odami» filmining chiqishi kutilmoqda, bundan tashqari, rejissyor nashriyotning komikslari asosidagi yana bir loyiha ustidagi ishni allaqachon boshlab yuborgan.

«Meni oʻrab turgan insonlarni va bu ajoyib qahramonlarga gʻamxoʻrlik qilish imkoniyatini sogʻinaman. Ammo shu bilan birga, ulkan yengillik his qilyapman va kinodagi toʻlaqonli faoliyatimga qaytishni sabrsizlik bilan kutyapman», — deya tan oldi Gunn.