Don Toliver Manchesterda nomaʼlum modda bilan bogʻliq hodisadan soʻng Londondagi konsertini koʻchirdi
Reperning chiqishidan 12 mingdan ortiq tomoshabin evakuatsiya qilindi, qariyb 80 kishi tibbiy yordam soʻradi.

Amerikalik reper Don Toliver Londondagi konsertini 23 noyabrdan 15 dekabrga koʻchirdi. Bu koʻchirish Manchesterda uning chiqishi vaqtida yuz bergan favqulodda hodisadan keyin amalga oshirildi. Co-op Live konsert zalidagi shou paytida olomon orasiga nomaʼlum modda, taxminlarga koʻra, koʻzdan yosh oqizuvchi gaz sepildi.
Hodisa 22 noyabr kuni, chiqish boshlanganidan taxminan 40 daqiqa oʻtib yuz berdi. Buyuk Manchester politsiyasi maʼlumotiga koʻra, hodisa haqida signalni konsert maydoni xodimlari soat 22:00 dan koʻp oʻtmay bergan. Voqea joyiga favqulodda xizmatlar yetib keldi, tashrif buyuruvchilar esa bu xavfsiz boʻlgach evakuatsiya qilina boshlandi.
Binodan 12 mingdan ortiq odam olib chiqildi. Vaziyatning jiddiyligi sababli favqulodda hodisa rejimi eʼlon qilindi. Shimoli-gʻarbiy tez yordam xizmati maʼlumotiga koʻra, qariyb 80 kishi koʻzlari achishgani va nafas olishda muammolar yuzaga kelgani sababli tibbiy yordam oldi. Jabrlanganlardan biri shifoxonaga yotqizildi.
Don Toliver Londondagi konserti koʻchirilganini Instagram Storiesʼda maʼlum qildi. Reper bu qarorni barcha tomoshabinlarning xavfsiz ekaniga ishonch hosil qilish istagi bilan izohladi va jabrlanganlarni qoʻllab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, u muxlislarini chiqishlariga xavfli moddalarni olib kelmaslikka chaqirdi.
Politsiya sepilgan moddaning tarkibi va voqea tafsilotlarini aniqlash uchun tergovni davom ettirmoqda. Sanʼatkorning navbatdagi chiqishi 24 noyabr kuni Londondagi OVO Arena Wembleyʼda boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.
Yana oʻqing

U2 yangi Carnaval de Luz albomi bilan Billboardʼning uchta chartida yetakchilik qildi

Imron «Sevganingni bilmay qolsan» nomli yangi qoʻshigʻini taqdim etdi

