«Ochlik oʻyinlari: Hosil tongi»ning yosh aktyorlari prequel suratga olish jarayoni haqida soʻzlab berishdi
Jozef Zada, Makkenna Greys va Uitni Pik mashhur franshizaning oltinchi filmi ustida ishlash taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.

Birinchi «Ochlik oʻyinlari» filmi chiqqaniga 14 yil boʻldi. Ushbu film Jennifer Lourens, Josh Xatcherson va boshqa yosh aktyorlarga oʻzlarini tanitishlariga yordam bergan edi. Endi franshizaning yangi bobini «Ochlik oʻyinlari: Hosil tongi» prequeli taqdim etadi. Filmda bosh rollarni Jozef Zada, Makkenna Greys va Uitni Pik ijro etgan.
BBCga bergan intervyusida yosh aktyorlar filmning keskin reklama kampaniyasi davomida bir-birlarini qoʻllab-quvvatlaganini aytishdi. Yosh Heymitch Aberneti rolini ijro etgan Zada hamkasblari unga hayajonni yengishda yordam berganini tan oldi. «Choʻrining qissasi» va «Tepalikdagi uy sharpalari» seriallari orqali tanilgan Greys esa hamkasblari uchun oʻziga xos ustozga aylandi.
Zada rolga tayyorgarlik koʻrish uchun bir necha oy davomida avvalgi filmlarda Heymitch obrazini ijro etgan Vudi Xarrelsonning aktyorlik uslubini oʻrgandi. U aktyor ishtirokidagi toʻrtta filmning barchasini qayta koʻrib, obrazga oʻz yondashuvini topishga harakat qilgan holda qaydlar yozib bordi. Xarrelson unga «Sovuqqon Lyuk» va «Garold va Mod» filmlarini ham koʻrishni maslahat berdi.
Yosh aktyorning ijrosini hamkasblari yuqori baholadi. Jessi Plemons bu rol jiddiy sinov boʻlganini aytib, Zadaning chidamliligini taʼkidladi. Glenn Klouz esa aktyorlik faoliyatini endi boshlayotgan ijrochilar bilan ishlash unga yoqqanini tan oldi. Uning soʻzlariga koʻra, u Zada, Greys va Pik bilan ilk bor uchrashganida, aktyorlar suratga olish jarayonining katta qismidan allaqachon oʻtib boʻlgan edi. Bu jarayon hissiy va jismoniy jihatdan oson kechmagan.
«Hosil tongi» voqealari franshizaning birinchi qismidan 24 yil avval, 50-Ochlik oʻyinlari vaqtida kechadi. Film Syuzan Kollinzning 2025-yilgi shu nomdagi romaniga asoslangan. Yosh aktyorlardan tashqari, filmda Reyf Fayns, Mayya Xouk, Kiran Kalkin va El Fanning ham suratga tushgan.



