Brooks & Dunn Uilli Nelson nomidagi hayotiy yutuqlar mukofotini oldi
Brooks & Dunn dueti CMA Awards marosimida Uilli Nelson nomidagi hayotiy yutuqlar mukofotini oldi. Mukofotni Teylor Svift topshirdi.

Kantri dueti Brooks & Dunn Uilli Nelson nomidagi hayotiy yutuqlar mukofotiga sazovor boʻldi. Mukofot musiqachilarga 18 noyabrda boʻlib oʻtgan CMA Awards marosimida topshirildi. Tadbirning maxsus mehmoni Teylor Svift boʻldi.
Mukofot topshirilishidan oldin Brothers Osborne, Lyuk Brayan, Halestorm, HARDY va Markus King duet xitlaridan popurri ijro etdi. Ular qoʻshiqlarni noodatiy rok va metal aranjirovkasida kuyladi. Shundan soʻng sahnaga chiqqan Svift musiqachilarning kantri musiqasi rivojiga qoʻshgan hissasi va yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.
Xonanda faoliyatining ilk davrida Brooks & Dunn unga yordam berganini tan oldi. Uning soʻzlariga koʻra, Ronni Dann dono maslahatlar bergan, Kiks Bruks esa atrofdagilar bilan hazillashishni maʼqul koʻrgan. Shu bilan birga, har ikki sanʼatkor ham oʻz oilasi, muxlislari va musiqasiga doimo jiddiy munosabatda boʻlgan.
Mukofotni qabul qilar ekan, Dann Uilli Nelsonning ijodi duet aʼzolarini mustaqil ravishda musiqa bilan shugʻullanishga ilhomlantirganini aytdi. Jumladan, u «Red Headed Stranger» va «Wanted! The Outlaws» albomlarini esladi. Bruks esa Nelson, Ueylon Jennings va Merl Haggardni oʻzining ijodkor sifatida shakllanishiga taʼsir koʻrsatgan musiqachilar qatorida tilga oldi.
Uilli Nelson nomidagi mukofot Kantri musiqasi assotsiatsiyasi tomonidan 2012 yildan beri topshirib kelinadi. Avvalgi laureatlar orasida Kenni Rojers, Jonni Kesh, Dolli Parton, Kris Kristofferson, Loretta Linn, Alan Jekson va Jorj Strait bor.
Brooks & Dunn faoliyati davomida Billboard Hot Country Songs chartida birinchi oʻrinni egallagan 20 ta qoʻshiq chiqargan. Ular qatorida «Brand New Man» (1991) va «Play Something Country» (2005) ham bor.
Yana oʻqing

Duran Duran guruhining sobiq gitaristi Endi Teylor vafot etdi

Bred Pitt va Anjelina Joli Fransiyadagi Château Miraval vino xoʻjaligi yuzasidan nizoni yakunladi

