Seriallar

Li Min Ho va Pak Gyu Yon «Virtual Love» romantik komediyasida rol ijro etadi

Aktyorlar SBS telekanalining ofis hayotiga bagʻishlangan romantik komediyasida bosh rollarni ijro etadi. Serial premyerasi 2027 yilning ikkinchi yarmiga rejalashtirilgan.

19-noyabr, 17:33По-русски

Read in English

m.entertain.naver.com

Li Min Ho va Pak Gyu Yon SBS telekanalida namoyish etiladigan yangi «Virtual Love» (ishchi nomi) serialining bosh rollariga tasdiqlandi. Loyiha munosabatlari virtual butlar olami bilan kutilmaganda tutashib ketadigan ofis xodimlari haqida hikoya qiladi.

Li Min Ho En-Mable oʻyin kompaniyasida rahbarlik lavozimida ishlaydigan perfektsionist va ishga mukkasidan ketgan Cha Uk Hyon rolini ijro etadi. U kutilmaganda Dan nomi ostida virtual butlar guruhida debyut qiladi va guruhning eng kichik aʼzosiga aylanadi. Shu tariqa u uzoq vaqt avval unutib yuborgan orzulariga asta-sekin qaytadi.

Pak Gyu Yon rejalashtirish va nashriyot yoʻnalishi boʻlimi xodimi Tak So Na rolini ijro etadi. U ishiga masʼuliyat bilan yondashadi, ammo badjahl rahbari Uk Hyonni sira yoqtirmaydi. Biroq qiz kutilmaganda virtual but Dan bilan qiziqib qoladi va ilk bor bir sanʼatkorning muxlisiga aylanadi.

Syujet noodatiy vaziyat atrofida quriladi: qahramon real hayotda umuman koʻrishga koʻzi yoʻq odamning virtual qiyofasiga oshiq boʻlib qoladi. Serial premyerasi 2027 yilning ikkinchi yarmida kutilmoqda.