Tilli Norvud nomli AI aktrisasini yaratgan ijodkor «Qirol sher» multfilmi rejissyori bilan yangi filmni taqdim etdi
Eline Van der Velden sunʼiy intellekt yordamida yaratilgan va unda haqiqiy aktyorlar ishtirok etgan «Boʻron itlari» (Storm Dogs) filmi parchasini namoyish etdi.

Virtual aktrisa Tilli Norvudni yaratgan Eline Van der Velden Londonda boʻlib oʻtgan British Screen Forum tadbirida oʻzining yangi Storm Dogs loyihasini taqdim etdi. Filmga «Qirol sher» multfilmi bilan tanilgan Rob Minkoff rejissyorlik qilgan. Van der Velden film parchasini namoyish etib, uni yaratish jarayoni haqida soʻzlab berdi.
Particle6 studiyasi rahbarining aytishicha, filmda haqiqiy aktyorlar ishtirokidagi suratga olish ishlari sunʼiy intellekt texnologiyalari bilan uygʻunlashgan. Uning hazil bilan taʼkidlashicha, kichkintoylar va itlar obrazlarini yaratishda sunʼiy intellektdan foydalanish suratga olish maydonchasidagi ishlarni ancha yengillashtirgan. Jamoa kinematografiya sohasi vakillari uchun maxsus texnologik platformani ham ishlab chiqdi.
Van der Veldenning hisoblashicha, sunʼiy intellekt ishlab chiqarish budjetini taxminan 50 foizga qisqartirishi mumkin, biroq xarajatlardan butunlay voz kechib boʻlmaydi. U yangi texnologiyalar rivojlanayotganiga qaramay, haqiqiy aktyorlarni yana ekranlarga olib chiqishga intilayotganini ham taʼkidladi.
Tilli Norvudni yaratgan ijodkor virtual aktrisa kino sanoatida sunʼiy intellektni tartibga solish haqidagi munozaraga eʼtibor qaratishga yordam berganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, Norvud sunʼiy intellektning kinoga joriy etilishi bilan bogʻliq xavotirlarni aks ettirdi.



