Zendaya «Dune-3»dagi roli uchun «Oskar»ga daʼvogarlik qilmoqda
«Dune-3» filmida Chani roli yanada muhim ahamiyat kasb etadi, filmning xalqaro premyerasi esa 18-dekabrga rejalashtirilgan.

Variety xabariga koʻra, Zendaya Chani rolini ijro etgani uchun «Eng yaxshi aktrisa» nominatsiyasida «Oskar» uchun kurashishi mumkin. Biroq Warner Bros. ham, aktrisaning vakillari ham bu maʼlumotni hozircha tasdiqlamadi.
Yangi film voqealari Pol Atreides hokimiyat tepasiga kelganidan deyarli yigirma yil oʻtib sodir boʻladi. Pol Atreides rolini Timote Shalame ijro etgan. U shafqatsiz imperatorga aylanadi va oʻz qarorlarining oqibatlariga duch keladi. Shu bilan birga, fitnalar va yangi tahdidlar imperiyani qoʻzgʻolonga tobora yaqinlashtiradi.
Bundan tashqari, Zendaya Kristoffer Borglining Robert Pattinson bilan birga suratga tushgan «Voy, bu drama!» nomli qora romantik komediyasi uchun ham «Eng yaxshi aktrisa» nominatsiyasiga koʻrsatilishi mumkin. Aktrisa Kristofer Nolanning «Odisseya» filmidagi Afina roli uchun esa «Eng yaxshi ikkinchi plandagi aktrisa» nominatsiyasini olishi mumkin.
Zendayaning hisobida «Eyforiya» serialidagi Ru roli uchun allaqachon ikkita «Emmi» mukofoti va «Oltin globus» bor. Muvaffaqiyatli «Oskar» kampaniyasi unga ilk bor Amerika Kinoakademiyasi haykalchasi uchun kurashish imkonini beradi.



