Kino

Guitarricadelafuente kinodagi debyutini qildi va La Bola Negra filmi uchun qoʻshiq yozdi

Ispaniyalik musiqachi fuqarolar urushi haqidagi filmda bosh qahramonni gavdalantirdi va uning uchun «Oskar» daʼvogarlari qatoriga kirishi mumkin deb baholanayotgan qoʻshiqni yozdi.

19-noyabr, 12:45По-русски

Read in English

nme.com

Ispaniyalik ijrochi Guitarricadelafuente (asl ismi — Alvaro Lafuente Kalvo) ilk bor aktyorlik sohasida oʻzini sinab koʻrdi. U rejissyorlar Xavyer Kalvo va Xavyer Ambrossining La Bola Negra tarixiy dramasida asosiy rollardan birini ijro etdi.

Musiqachi Sebastyan obrazini gavdalantirdi — u yaralangan respublikachi leytenant Rafaelni sevib qoladigan yosh frankist askar. Rafael rolini Migel Bernadeu ijro etgan. Ijrochining soʻzlariga koʻra, bu taklifni qabul qilish unga oson boʻlmagan: u Ispaniyadagi fuqarolar urushi va LGBT hamjamiyati vakillarining taqdiriga taalluqli bunday murakkab voqeaga qoʻl urishdan xavotirlangan.

Aktyorlik ishidan tashqari, Guitarricadelafuente film uchun La Nieve kompozitsiyasini yaratdi. Dastlab u qoʻshiq yakuniy titrlar paytida yangraydi deb oʻylagan, biroq rejissyorlar uni filmning kulminatsion qismiga joylashtirishgan. Trekni yaratishda musiqachiga Federiko Garsia Lorkaning «Qorongʻi muhabbat sonetlari» toʻplamidagi sheʼri ilhom bergan. Kompozitsiya allaqachon eng yaxshi original qoʻshiq uchun «Oskar» mukofotining ehtimoliy daʼvogarlari qatorida tilga olinmoqda, film esa eng yaxshi film nominatsiyasiga nomzodlar qatoridan joy olishi mumkin deb baholanmoqda.

Ijrochining mamlakat tarixiga qiziqishi suratga olish ishlari boshlanishidan ancha oldin paydo boʻlgan. Uning 2022-yilda chiqqan debyut albomi La Canterada Antes De Que Quieras Olvidar qoʻshigʻi bor. Unda amerikalik folklor musiqachisi Vudi Gat­rining Ispaniyadagi fuqarolar urushi haqidagi yozuvi ishlatilgan. Guitarricadelafuente, shuningdek, bobosi uning qahramoni boshdan kechirayotgan voqealarga koʻp jihatdan oʻxshash hodisalarni boshdan kechirganini aytgan.

Ijrochining ikkinchi albomi Spanish Leather folklor ohanglari va zamonaviy pop musiqasini uygʻunlashtiradi. Albom ustidagi ishlar hamda oʻzining ijodiy qiyofasini izlashda unga avstraliyalik xonanda Troy Sivan bilan hamkorlik yordam bergan. Musiqachilar birgalikda In My Room kompozitsiyasini yozib olishgan.

Hozir Guitarricadelafuente navbatdagi albomi ustida ishlamoqda va La Bola Negra filmini Ispaniyadan tashqarida ham tanishtirishda davom etmoqda. Shu bilan birga, u loyihadagi ishtirokining eng katta yutugʻi deb uzoq vaqt davomida eʼtibordan chetda qolgan voqealarni hikoya qilish imkoniyatini hisoblaydi.

Film allaqachon kinoteatrlarda namoyish etilgan. Kartina Netflixʼda 2-dekabr kuni paydo boʻladi.