Marvel muxlislari Doktor Doom kostyumidagi yashirin maʼnoni izlamoqda
«Qasoskorlar: Qiyomat kuni» muxlislari Robert Dauni-kichik ijro etadigan Doktor Doomning yelkalaridagi ikki xil belgiga eʼtibor qaratdi. Marvel hozircha ramzlarning maʼnosini tushuntirmadi, shu bois muxlislar bir nechta taxminni muhokama qilmoqda.

Nazariyalardan biriga koʻra, emblemalarda Viktor fon Doomning ikki jihati — sehr-joduni egallagani va ilmiy bilimlari aks etgan. Bunday talqin qahramon sehr va texnologiyalarni uygʻunlashtiradigan komikslarga borib taqaladi. Boshqa tomoshabinlar naqshlarda atom, sehrli kitob yoki Xaosning sakkiz uchli belgisini koʻrmoqda.
Yana bir taxminga koʻra, belgilar Torning bolgʻasi va Kapitan Marvel ramzini eslatadi. Ayrimlar elementlardan birini «Temir odam»ning yoy reaktori bilan bogʻlamoqda — bu Daunining kinematik olamdagi avvalgi roli edi.
Kostyum allaqachon koʻrgazmalarda namoyish etilgan, biroq barcha talqinlar hamon muxlislar nazariyalari boʻlib qolmoqda. Film premyerasi 2026-yil 18-dekabrga rejalashtirilgan.



