Kino

Kris Pratt «Sayohatchi» fantastik filmida bosh rolni ijro etadi

Paramount aktyor bilan uch yilga moʻljallangan kelishuv tuzdi. Unga koʻra, Pratt nafaqat filmlarda suratga tushadi, balki ularni hamkorlikda ishlab chiqarishda ham qatnashadi.

19-noyabr, 13:41По-русски

Read in English

hollywoodreporter.com

Kris Pratt Paramount studiyasi ishlab chiqayotgan «Sayohatchi» (The Traveler) ilmiy-fantastik filmida bosh rolni ijro etadi. Shu bilan birga, aktyor kompaniya bilan uch yillik hamkorlik kelishuvini imzoladi. Kelishuvga koʻra, uning Indivisible prodyuserlik kompaniyasi loyihalari ustuvor tartibda koʻrib chiqiladi.

Film Jozef Ekkertning 2026 yil yozida chop etilgan shu nomli romaniga asoslangan. Asar markazida har kuni ertalab soat 7:52 da kutilmaganda vaqt boʻylab koʻchib qoladigan erkak turadi. Dastlab u bir sutka oldinga oʻtadi, biroq keyingi har bir sakrashning davomiyligi ikki baravar oshib boradi. Koʻp oʻtmay, qahramon bir kun ichida yillar davomida gʻoyib boʻla boshlaydi. Bu orada uning oʻgʻli ulgʻayib, kvant fizikasini oʻrganadi va otasini qaytarish yoʻlini topishga urinadi.

Loyihaga avval «Final manzili: Qon rishtalari» filmi ustida ishlagan Zak Lipovski va Adam Stayn rejissyorlik qiladi. Ssenariyni Jastin Roudz yozgan. Suratga olish ishlari 2027 yilda boshlanishi rejalashtirilgan.

Prattning Paramount bilan kelishuvi «Mayami Hit» (Miami Heat) filmiga ham taalluqli. Aktyor unda bosh rolni ijro etadi va Hatch Parker bilan birga prodyuser sifatida qatnashadi.

Pratt «Galaktika qoʻriqchilari» filmidagi roli tufayli keng tanilgan. Shundan soʻng u Marvel kinoolamining bir nechta filmlarida suratga tushdi va «Yura davri olami» franshizasiga boshchilik qildi. Uning soʻnggi loyihalari qatorida «Super Mario: Galaktik kino» multfilmi va «Oʻlimga mahkumlar roʻyxati» seriali bor.