Jessika Chasteyn Netflixʼning Heartland trilleridagi roli uchun tanqid qilindi
Tanqidchilar aktrisaning vokal qobiliyatlarini eʼtirof etgan boʻlsa-da, Shana Feste suratga olgan film syujetini oldindan taxmin qilish mumkin va keskinlikdan xoli deb baholadi.

Jessika Chasteyn Netflix uchun rejissyor Shana Feste suratga olgan «Heartland» kriminal trillerida bosh rolni ijro etdi. Aktrisa 22 yoshli jiyani Charli gʻoyib boʻlganidan keyin Nashvillga qaytib keladigan kantri musiqasining sobiq yulduzi Misty Jons obrazini gavdalantirdi.
Qiz musiqa sanoatida sezilarli mavqega erishgan, biroq vaqti-vaqti bilan gʻoyib boʻlib, chiqishlarini bekor qilardi. Misty mustaqil tergov boshlaydi va shubhali menejerlar, taʼqibchilar hamda jiyanining atrofidagi odamlar bilan toʻqnashadi. Qahramon asta-sekin oilaviy sirlarni ochadi va oʻzi ham xavf ostida qoladi.
Chasteyn barcha musiqiy partiyalarni mustaqil ijro etdi: buning uchun u avval vokal, pianino va gitara chalishni oʻrgandi. Filmda, shuningdek, Garret Hedlund, Karter Feyt, Ross Linch, Pol Sparks va Jennifer Nettls suratga tushgan.
Musiqiy chiqishlar va voqealarga boy syujetga qaramay, tanqidchilar filmni maʼqullamadi. Asosiy kamchiliklar sifatida keskinlikning yoʻqligi, yakunning oldindan taxmin qilinishi va qahramonlar yetarlicha ishlab chiqilmagani koʻrsatildi. Shuningdek, Chasteynning aktyorlik qobiliyati toʻliq namoyon boʻlmagani alohida qayd etildi.



