«VisionQuest»dan keyingi sahna Qizil Jodugarning Avengers filmlariga qaytishini tasdiqladi
Serial finalida Wanda Maksimoff «Doctor Strange: In the Multiverse of Madness»dagi qurbonlikdan omon qolgani koʻrsatildi. Sahna uning Marvel filmlariga qaytishi bilan bogʻlandi.

«VisionQuest» finalida «Avengers: Doomsday» va «Secret Wars» filmlari bilan bogʻlangan titrlardan keyingi sahna namoyish etildi. U serialning matbuot uchun tayyorlangan dastlabki nusxalariga kiritilmagani sababli final chiqquncha sir saqlandi.
Sahna tomoshabinlarni «Doctor Strange: In the Multiverse of Madness» yakuniga qaytaradi. Oʻshanda Qizil Jodugar nomi bilan tanilgan Wanda Maksimoff Darkholdni yoʻq qilgan va vayronalar ostida halok boʻlgan, deb taxmin qilingandi. Endi Doktor Dum vayronalarni olib tashlab, Wanda bilan gaplashgani va uning kuchini egallamoqchi ekanini aytgani koʻrsatiladi. Shundan soʻng Wanda koʻzlarini ochadi, ekran esa qorongʻilashadi.
«Avengers: Doomsday» syujeti tafsilotlari hozircha qisman oshkor qilingan. Filmda inkursiyalar sabab olamlar vayronkor tarzda toʻqnasha boshlaydi, biroq voqealarning sabablari va Dumning rejasi nomaʼlumligicha qolmoqda. Avvalroq «Avengers: Endgame» qayta namoyishining titrlardan keyingi sahnasida Doktor Dum «Spider-Man: Brand New Day» voqealaridan soʻng Xalkni oʻgʻirlab ketgandi. «The Fantastic Four: First Steps» filmi oxirida u Franklin Richards bilan ham bogʻlanishga uringan — bolaning oʻzini olib keta olgan-olmagani nomaʼlum.
Shunday qilib, Dum Qasoskorlarga qarshi xavfli raqiblar jamoasini yigʻayotgan boʻlishi mumkin. «Avengers: Doomsday» kelasi oy chiqishi kerak, «Secret Wars» esa keyingi yil dekabriga rejalashtirilgan. Biroq ikkinchi film suratga olish ishlari hali boshlanmagani aytilmoqda, shu bois uning relizi 2028-yilga koʻchirilishi mumkin. Sahnaga qaraganda, Qizil Jodugar bu loyihalarning kamida bittasida paydo boʻladi.



