Luka Guadagnino «Amerikalik psixopat»ning yangi ekranizatsiyasi ustidagi ishni tark etdi
Rejissyor Luka Guadagnino tayyor ssenariyga qaramay, uning «Amerikalik psixopat» talqini amalga oshirilmasligini tasdiqladi.

«Daʼvogarlar» va «Meni oʻz isming bilan chaqir» filmlari bilan tanilgan Luka Guadagnino «Amerikalik psixopat»ning yangi versiyasi ustida endi ishlamayotganini maʼlum qildi. Deadline Crew Call podkastiga bergan intervyusida rejissyor «Born ultimatumi» va «Yon taʼsir» filmlari muallifi Skott Z. Byorns ssenariysini ajoyib deb atadi, biroq loyiha uning uchun yopilganini tasdiqladi.
Bret Iston Ellis romanining yangi adaptatsiyasi haqida 2024 yilda maʼlum boʻlgan edi. Lionsgate studiyasi film 2000 yilda Kristian Beyl ishtirokida suratga olingan kartinaning remeyki emas, balki kitobning yangi talqini sifatida rejalashtirilganini taʼkidlagan. Avvalroq Patrik Beytman roliga Ostin Batler va Jeykob Elordi nomzod sifatida tilga olingan edi.
Guadagninoning loyihadan ketish sabablari aniqlashtirilmagan. Shu bilan birga, Lionsgate loyihadan butunlay voz kechgani yoki uni boshqa rejissyorga topshirishi mumkinligi ham nomaʼlum. Ssenariy tayyor turgan hozirgi paytda ekranizatsiyaning kelajagi noaniq boʻlib qolmoqda.
Ayni paytda Guadagnino Sem Altman haqidagi «Sunʼiy» (Artificial) filmini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Cheklangan prokat 2026 yil dekabr oxirida kutilmoqda, keng namoyish esa 2027 yil 8 yanvarga rejalashtirilgan.



