«Ochlik oʻyinlari: Hosil tongi» ilk dam olish kunlarida $100 mln dan oshishi mumkin
Film Shimoliy Amerikadagi 3 900 ta kinoteatrda namoyish etila boshlandi. Lionsgate ilk tushum kamida $80 mln boʻlishini kutmoqda, manbalar esa $100 mln dan oshishi va $130 mln gacha yetishi mumkinligini prognoz qilmoqda.

Lionsgate franshizaning yangi filmi kuchli start olishini kutmoqda. Kartinaning ishlab chiqarish budjeti taxminan $150 mln deb baholanmoqda.
«Hosil tongi» filmini Syuzanna Kollinzning prikvel romani asosida Frensis Lourens suratga oldi. Bosh qahramon Heymitch Abernathyni Jozef Zada ijro etgan; avvalgi filmlarda bu obrazni Vudi Xarrelson gavdalantirgan. Aktyorlar tarkibidan Makkenna Greys, Uitni Pik, Jessi Plemons, Reyf Fayns, Glenn Kloz, El Fanning va Kiran Kalkin ham joy olgan.
Voqealar Panemda 50-Ochlik oʻyinlari ishtirokchilarini qurʼa tashlash marosimi paytida kechadi. Film ilk tushum boʻyicha 2023 yilda chiqqan «Ochlik oʻyinlari: Sayroqi qushlar va ilonlar balladasi» prikvelidan sezilarli darajada oʻzib ketishi kutilmoqda.
Tahlilchi Pol DerGarabedyaning fikricha, Grand Theft Auto VI relizi tomoshabinlarning bir qismini uyda qolishga undashi mumkin, biroq bu filmning kassa tushumiga sezilarli taʼsir koʻrsatmasligi kerak: ikkala premyera muxlislarining ham filmni koʻrish va oʻyin oʻynashga ulgurishi uchun butun bir dam olish kunlari boʻladi.



