Kevin Faygi Robert Dauni-kichik va Kris Evansning «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmiga qaytishini izohladi
Marvel Studios rahbari studiya «Qasoskorlar: Final» muvaffaqiyatini takrorlashga urinmayotganini, balki yangi hikoya aytib berishni maqsad qilganini bildirdi.

Kevin Faygi Robert Dauni-kichik va Kris Evansning «Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmiga qaytishi haqida izoh berdi. Aktyorlar ishtiroki eʼlon qilinganidan soʻng, ayrim muxlislar Marvel Studios 2019-yilda chiqqan «Qasoskorlar: Final» filmining muvaffaqiyatini takrorlashga urinmoqda, deb taxmin qildi.
Empire nashriga bergan intervyusida studiya rahbaridan yulduzlarning qaytishi shunga oʻxshash kassa natijasiga erishish uchun yana bir imkoniyatga ega boʻlish istagi bilan bogʻliqmi, deb soʻrashdi. Faygi bunday talqinni rad etib, Marvelda hali ham ekranlashtirish uchun koʻplab hikoyalar borligini taʼkidladi.
Uning soʻzlariga koʻra, kinematik olamning rivoji yakunlangan bitta bosqich bilan cheklanib qolmasligi kerak. Tanish qahramonlarning qaytishi franshizani bundan keyin ham rivojlantirishdan voz kechilganini anglatmaydi.
«Final»dan soʻng ukasi Entoni bilan yana «Qasoskorlar» haqidagi film ustida ishlayotgan rejissyor Jo Russo ham loyihaga qaytish qarorini izohladi. Uning aytishicha, ijodkorlar voqealari avvalgi filmning baxtli yakunidan keyingi tongda boshlanadigan, hali hikoya qilinmagan bir tarix qolganini his qilishgan.
«Qiyomat kuni» filmida Dauni-kichik Doktor Dum rolini ijro etadi, Evans esa yana Stiv Rodjers obrazida koʻrinadi. Marvel Toni Stark chehrasiga ega yovuz qahramonning paydo boʻlishini qanday izohlashi hozircha sir boʻlib qolmoqda. Faygi avvalroq yangi Dum Temir odamning muqobil versiyasi boʻlishi haqidagi taxminni rad etgan edi.
«Qasoskorlar: Qiyomat kuni» filmining premyerasi 18 dekabrga rejalashtirilgan.



