Kino

Ken Loach filmlarining prodyuseri mustaqil kinodagi aktyorlar tarkibining bir xilligini tanqid qildi

Rebekka OʻBrayen kam budjetli filmlarga doim bir xil yulduzlar jalb etilavermasdan, yangi yuzlar kerak deb hisoblaydi.

20-noyabr, 14:38По-русски

Read in English

deadline.com

Ken Loach bilan koʻp yillik hamkorligi bilan tanilgan britaniyalik prodyuser Rebekka OʻBrayen mustaqil kinoning mashhur aktyorlarga haddan tashqari tayanishiga qarshi chiqdi. Uning fikricha, ekranda doim bir xil yuzlarning paydo boʻlishi kam budjetli filmlarni bir xillashtiradi va yangi isteʼdodlarning rivojlanishiga xalaqit beradi.

British Screen Forum konferensiyasida soʻzga chiqqan OʻBrayen aktyorning mashhurligi film muvaffaqiyatini har doim ham kafolatlamasligini taʼkidladi. U investorlar va moliyalashtiruvchi tashkilotlarni kamroq tanilgan aktyorlarni faolroq koʻrib chiqishga chaqirdi.

Prodyuser, shuningdek, koʻplab aktyorlar oʻz loyihalarining prodyuseriga aylanishga intilayotganidan xavotir bildirdi. Uning aytishicha, ular kino ishlab chiqarishni tashkil etish uchun zarur koʻnikmalarga har doim ham ega emas.

OʻBrayenning soʻzlariga koʻra, istiqbolli britaniyalik rejissorlar koʻpincha yirik studiyalar loyihalariga juda erta oʻtib ketadi. Natijada mustaqil sektor asta-sekin keyinchalik yirik kinostudiyalar amalga oshiradigan gʻoyalarni izlash va rivojlantirish maydoniga aylanmoqda.

U industriya uchun taklif qilgan qoʻllab-quvvatlash choralari qatorida striming xizmatlari va pullik televideniyeda britan filmlari uchun kvotalar joriy etish, shuningdek, kichik loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini soddalashtirishni ham tilga oldi.

OʻBrayenning fikricha, prodyuserlar va investorlar istiqboli boʻlmagan loyihalarni qoʻllab-quvvatlashdan koʻra, zaif ssenariylarni koʻproq rad etishi kerak. Uning soʻzlariga koʻra, distribyutorlarning mustaqil filmga qiziqishi uchun unda haqiqiy kinoprokat salohiyati boʻlishi zarur.

Prodyuser muvaffaqiyatli misol sifatida Ken Loachning Kann kinofestivalida «Oltin palma shoxi»ni qoʻlga kiritgan «Men, Daniel Bleyk» dramasini keltirdi. Uning fikricha, oqilona moliyalashtirish, ijodiy erkinlik va tomoshabinlarning qiziqishi uygʻunlashsa, hatto kichik filmlar ham industriya rivojiga sezilarli taʼsir koʻrsatishi mumkin.