TNT Filipp Kirkorov va Timur Batrutdinov ishtirokidagi «Juda ertaknamo ishlar» yangi yil komediyasi posterini taqdim etdi
Film rus ertaklari qahramonlarini mashhur filmlar va seriallar personajlari bilan birlashtiradi. Premyera 3-dekabr kuni boʻlib oʻtadi.

TNT telekanali «Juda ertaknamo ishlar» yangi yil fentezi-komediyasining ilk posterini namoyish etdi. Film rus folklorini zamonaviy pop-madaniyatga ishoralar bilan birlashtiradi. Masalan, Koshey Bedrosovich «Juda gʻalati ishlar» serialidagi Vecnaga oʻxshaydi, Timur Batrutdinov ijro etgan Yelemelya esa Oʻn birinchi obraziga ishora qiladi. Boshqa taniqli obrazlar qatorida Eddi Mansonni eslatadigan gusli chaluvchi Alyosha hamda mumtoz asarlardan ilhomlangan ertak qahramonlari bor.
Syujet markazida bahodirlar ishqibozi boʻlgan qirq yoshli Yelemelya turadi. Uning aybi bilan Filipp Kirkorov ijro etgan Koshey malika Toksinyani (Lyusya Chebotina) oʻgʻirlab ketadi. Qahramon gusli chaluvchi Alyosha (Andrey Gaydulyan) bilan birga qiz va uch bahodirni qutqarishga yoʻl oladi. Filmda, shuningdek, Vladimir Yepifantsev, Vladimir Yaglich, Aleksey Vorobyov, Mixail Galustyan, Marina Fedunkiv va Pavel Derevyanko suratga tushgan.
Loyiha rejissyorlari Misha Semichev va Roman Kim boʻldi. Semichevning aytishicha, ijodkorlar turli hikoyalar qahramonlari va zamonaviy madaniy hodisalar yonma-yon mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan oʻz ertaknamo olamini yaratgan. Shu bilan birga, filmning vizual uslubi Aleksandr Rou va Aleksandr Ptushkoning Rossiya kinosidagi ertak filmlaridan ilhomlangan.
«Juda ertaknamo ishlar» TNT telekanalining yangi yil franshizasini davom ettiradi. Ushbu franshizaga avval «Taqdirning oʻz-oʻziga kinoyasi!», «Ivan Vasilyevich hammasini oʻzgartiradi!», «Brilliant qoʻl emas» va «Shurikning aql bovar qilmas sarguzashtlari» filmlari kirgan. Komediya kinoteatrlarda 3-dekabr kuni namoyish etiladi, maxsus versiyasi esa 31-dekabr kuni telekanalning bayram dasturida koʻrsatiladi.



