Travis Skott va Sony Music musiqiy bitdan noqonuniy foydalanganlikda ayblanmoqda
Isroillik prodyuser Niv Kaliski Travis Skott, Don Toliver va Sony Music kompaniyasiga qarshi daʼvo arizasi berib, musiqasidan ruxsatsiz foydalanganlik uchun kamida $1 mln talab qildi.

Isroillik prodyuser Niv Kaliski, Erli Yellou (Early Yellow) taxallusi ostida ijod qiladi, Travis Skott, Don Toliver va Sony Music kompaniyasiga qarshi daʼvo arizasi berdi. Uning taʼkidlashicha, uning biti 2019 yilda chiqarilgan Jackboys albomidagi What to Do? qoʻshigʻini yaratishda litsenziya boʻyicha kelishuvsiz va haq toʻlanmasdan ishlatilgan.
Kaliskiyning soʻzlariga koʻra, u Moazin99bpm nomli original yozuvni trek ustida ishlagan ikki prodyuser vakillariga yuborgan. Oradan bir necha oy oʻtgach, ulardan biri goʻyoki unga bitidan foydalanilgan qoʻshiq versiyasini tanishib chiqish va tasdiqlash uchun yuborgan. Biroq litsenziya shartnomasi tuzilmay qolgan, kompozitsiya chiqqanidan keyin esa muallif hech qanday haq olmagan.
Daʼvoda trek monetizatsiya qilinadigan yuzlab million tinglovlarni toʻplagani, Kaliskiy esa yetti yil davomida hech qanday tovon puli olmagani aytiladi. U, shuningdek, Sony Music kompaniyasini kompozitsiyani oʻchirish haqidagi soʻrovlarga noqonuniy ravishda eʼtiroz bildirishda ayblamoqda. Bu esa qoʻshiqning striming platformalarida joylashtirilishida davom etishiga imkon bergan.
Daʼvogarning maʼlumotlariga koʻra, What to Do? Spotifyʼda 270 mln.dan ortiq tinglov va YouTubeʼda 60 mln.dan ziyod koʻrish toʻplagan. Kaliskiyning taʼkidlashicha, Spotify va Apple Musicʼda u qoʻshiq prodyuseri va muallifi sifatida koʻrsatilgan, biroq unga royalti toʻlanmagan.
Prodyuser mualliflik huquqi buzilgan deb topilishini, ovoz yozuviga boʻlgan huquqlarning 50 foizi unga tegishli ekanini tan olinishini, daromadlar toʻgʻrisida hisobot taqdim etilishini va taxmin qilinayotgan buzilishlar uchun kompensatsiya sifatida kamida $1 mln toʻlanishini talab qilmoqda.
Yana oʻqing

U2 yangi Carnaval de Luz albomi bilan Billboardʼning uchta chartida yetakchilik qildi

Imron «Sevganingni bilmay qolsan» nomli yangi qoʻshigʻini taqdim etdi

