Musiqa

Londondagi The Beatlesning soʻnggi konserti oʻtkazilgan bino tomida jonli chiqishlar taqiqlanadi

Savile Row koʻchasidagi tarixiy bino guruh muzeyiga aylantiriladi, biroq rejaga koʻra, uning tomida konsertlar oʻtkazishga cheklovlar qoʻyiladi.

24-noyabr, 15:52По-русски

Read in English

nme.com

Londondagi Savile Row koʻchasining 3-uy tomida, The Beatles 1969 yilda soʻnggi ommaviy konsertini bergan joyda jonli musiqiy chiqishlarni taqiqlash rejalashtirilmoqda. Bu cheklov tarixiy binoni afsonaviy guruhga bagʻishlangan muzey-koʻrgazma makoniga qayta moslashtirish loyihasida koʻzda tutilgan.

Musiqachilar asos solgan Apple Corps kompaniyasi 2027 yilda bu yerda yetti qavatli madaniyat markazini ochmoqchi. Tashrif buyuruvchilarga guruh arxivlaridan ilgari eʼlon qilinmagan materiallar, vaqtinchalik koʻrgazmalar va suvenirlar doʻkoni taqdim etiladi. Shuningdek, guruhning «Shunday boʻlsin» («Let It Be») nomli soʻnggi albomi yozilgan studiyani qayta yaratish va yertoʻlada kafe-bar ochish rejalashtirilmoqda.

Loyihaga koʻra, makon ish kunlari 900 nafargacha, dam olish kunlari esa 1140 nafargacha tashrif buyuruvchini qabul qila oladi. Shu bilan birga, terrassada jonli musiqiy chiqishlar oʻtkazishga ruxsat berilmaydi, yangraydigan musiqa va nutq ovozi balandligi esa cheklanadi. Shovqinni kamaytirish uchun ikki metrli akustik toʻsiq oʻrnatish ham taklif etilgan.

Loyihaga Savile Row Bespoke Association tikuvchilar assotsiatsiyasi qarshi chiqdi. Tashkilot sayyohlar oqimi tor yoʻlaklarda xavfli darajada tirbandlik yuzaga keltirib, koʻchada joylashgan atelyelar ishiga salbiy taʼsir koʻrsatishidan xavotirda. Loyiha boʻyicha qarorni Vestminster shahar kengashi 24 noyabr kuni qabul qilishi kerak edi.

Pol Makkartni va Ringo Starr avvalroq yangi makon yaratish rejalarini ijobiy baholagan. Makkartni bino koʻplab oʻziga xos xotiralarni saqlashini aytgan, Starr esa tarixiy joyga qaytishni uyga qaytishga oʻxshatgan.

Ayni paytda Liverpulda The Beatlesga bagʻishlangan yana bir yirik loyiha tayyorlanmoqda. 2028 yilda The Beatles Story muzeyi Albert-Dok hududidan hozirgisidan toʻrt baravardan ham katta, maydoni qariyb 100 ming kvadrat fut boʻlgan yangi binoga koʻchadi. Bundan tashqari, St Johns Beacon minorasida «Sariq suvosti kemasi» mavzusida shaharning har tomonlama manzarasini koʻrish mumkin boʻlgan panoramali maydoncha tashkil etish rejalashtirilmoqda.