Yulduzlar

Miley Cyrus «Gremmi» nominatsiyasidan soʻng Dolly Partonga taʼsirchan xabar yoʻlladi

Miley Cyrus ularning qoʻshma qoʻshigʻi «Gremmi» mukofotiga nomzod boʻlganidan soʻng Dolly Parton xotirasini yod etdi.

18-noyabr, 11:34По-русски

Read in English

billboard.com

Miley Cyrus choʻqintirgan onasi Dolly Parton xotirasini ularning «Light of a Clear Blue Morning» qoʻshigʻi «Gremmi-2027» mukofotining «Duet yoki guruh ijrosidagi eng yaxshi kantri ijrosi» nominatsiyasiga kiritilganidan soʻng yod etdi.

16-noyabr kuni nomzodlar eʼlon qilinganidan keyin Cyrus Instagramʼda Parton 1976 yilda chiqargan «New Harvest … First Gathering» albomining vinil plastinkasi suratini eʼlon qildi. Xonanda bu plastinkani Rojdestvo bayramida choʻqintirgan onasidan sovgʻa sifatida olganini aytib, Dollyni musiqa tarixidagi eng buyuk qoʻshiq mualliflaridan biri deb atadi.

Cyrus yangi versiya uchun vokal yozayotgan studiyadagi videosini ham ulashdi. Qoʻshiq Partonning 80 yilligi munosabati bilan 2026 yil yanvarida chiqarilgan. Yozuvda Lainey Wilson, Queen Latifah va Reba McEntire ham ishtirok etgan. Qoʻshiq Vanderbilt universiteti qoshidagi Monroe Carell Jr. shifoxonasida bolalar saratonini tadqiq etish uchun mablagʻ toʻplashga yordam bergan.

Dolly Parton qoʻshiq chiqqanidan taxminan sakkiz oy oʻtib vafot etdi. Cyrus muhim pallalarda choʻqintirgan onasining qoʻngʻiroqlarini sogʻinishini, biroq uning borligini hanuz his qilishini aytdi.

Parton faoliyati davomida jami 58 marta «Gremmi» nominatsiyasiga ega boʻlgan va 10 ta mukofotni qoʻlga kiritgan. U boʻlajak marosimda Zac Brown Band guruhining «Butterfly» qoʻshigʻidagi ishtiroki hamda «Star of the Show: My Life on Stage» kitobining audio versiyasi uchun ham nomzodlar qatoridan joy olgan.

«Gremmi-2027» marosimi 7-fevral kuni boʻlib oʻtadi. Nominatsiyalar soni boʻyicha RAYE 11 ta nominatsiya bilan yetakchilik qilmoqda, undan keyingi oʻrinda toʻqqizta nominatsiya bilan Rosalía bormoqda.