«1408» dahshatli filmi Nataliya Dayer va Elayja Vud ishtirokida davom ettiriladi
Asl filmda rol ijro etgan Jon Kyusak va Samuel L. Jekson ham sikvel aktyorlar tarkibiga qoʻshilishi mumkin.

Stiven King hikoyasi asosida suratga olingan «1408» dahshatli filmining davomi chiqadi. Loyihada bosh rollarni Nataliya Dayer («Gʻalati narsalar») va Elayja Vud ijro etadi. Syujet tafsilotlari hozircha oshkor etilmagan.
2007-yilda birinchi qismni suratga olgan Mikael Hofstryom rejissyorlik kursisiga yana qaytadi. Ssenariyni u Mark Verhayden («Niqob») bilan birgalikda yozgan. Jon Kyusak va Samuel L. Jekson ham filmga qaytish boʻyicha muzokara olib bormoqda, biroq bu safar ularning qahramonlariga ikkinchi darajali rollar beriladi.
Asl film gʻayritabiiy hodisalari bilan tanilgan «Delfin» mehmonxonasining 1408-xonasida tunashga qaror qilgan yozuvchi Mayk Ensling haqida hikoya qilgan. Film 25 mln dollar budjet bilan taxminan 133 mln dollar daromad keltirgan.
Sikvel suratga olish ishlarini 2027-yilning birinchi choragida boshlash rejalashtirilmoqda. Premyera sanasi hozircha nomaʼlum.



